“Navbahor”: yil sarhisobi
Joriy mavsumdagi mamlakat chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan Namanganning “Navbahor” jamoasi 2024 yilga oid statistik ma’lumotlari ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
“Lochinlar” superligada respublikamizning eng kuchli uchta jamoasidan biriga aylanishi zamirida, albatta, viloyat hokimining amaliy ko‘magi, qolaversa, klub rahbariyati, jamoa murabbiylar shtabi va o‘yinchilarning katta mehnati samarasi bor.
Klub matbuot xizmatining qayd etishicha, namanganlik futbolchilar superliga bahslarida raqiblar darvozasiga 42 ta gol urgan. Ularga 14 nafar futbolchi mualliflik, 10 nafari esa hammualliflik qilgan. Shuningdek, 10 nafar jamoa a’zosi ham darvozalarga to‘p kiritib, ham gollarga assistentlik vazifasini bajargan.
Gollardan sakkiztasi penaltidan, jarima zarbalari, shuningdek, raqib futbolchilari yoki darvozabonlari, ba’zi holatlarda esa darvoza ustuni yoki to‘sinidan qaytgan to‘plardan urilganligini ta’kidlash lozim.
“Navbahor”ning gollariga mualliflik va assistentlik qilgan futbolchilarning ro‘yxati quyidagicha shakllandi. Toma Tabatadze – 10 ta gol, 2 ta uzatma. Jamshid Iskandarov – 7 ta gol, 4 uzatma. Siyavash Haqnazari – 5 ta gol, 2 ta uzatma. Jamshid Boltaboyev – 3 ta gol, 2 uzatma. Ruslanbek Jiyanov – 1 ta gol, 4 ta uzatma. Yovan Jokich – 4 ta gol. Saidazamat Mirsaidov – 2 ta gol, 2 ta uzatma.

Shu o‘rinda, millionlar o‘yini ixlosmandlari e’tiborini “Navbahor”ning yakunlangan mavsumda penaltilar borasidagi raqamlariga qaratmoqchimiz. Joriy mavsumda uchrashuv hakamlari tomonidan “Lochinlar” darvozasiga to‘rtta o‘yinda 11 metrli jarima zarbasi belgilandi.
“Lochinlar” darvozasiga safarda “Nasaf”, “So‘g‘diyona”, “Olimpik” va Namanganda esa “Bunyodkor” jamoalariga qarshi kechgan o‘yinlarda penaltilar belgilandi hamda ushbu penaltilarni Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”), Lupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”), Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Bunyodkor”) va Farruhbek Muxtorov (“Olimpik”)lar aniq amalga oshirdi.
Hakamlar tomonidan “Navbahor” foydasiga to‘qqizta 11 metrli jarima zarbasi belgilandi hamda ulardan beshtasini gruziyalik legioner Toma Tabatadze, uchtasini milliy terma jamoamiz a’zosi Jamshid Iskandarov aniq amalga oshirdi. Yana bitta 11 metrli jarima zarbasidan esa Toma Tabatadze foydalana olmadi.
Hakamlar “Lochinlar”ning o‘z maydonidagi “Dinamo” (1-tur, 3:1), “Surxon” (4-tur, 2:2), “Qizilqum” (12-tur, 0:0), “Bunyodkor” (16-tur, 2:2) va “Andijon” (26-tur, 3:3), safar bellashuvlaridagi “Bunyodkor” (3-tur, 2:2), “So‘g‘diyona” (7-tur, 2:1 hisobida jamoamiz g‘alaba qozongan), “Neftchi” (21-tur, 2:2) hamda “Qizilqum” (25-tur, 5:1 hisobida jamoamiz g‘alaba qozongan) jamoalari bilan kechgan o‘yinlarida raqiblar darvozasiga penaltilar belgiladi. “Navbahor” jamoasi ushbu uchrashuvlardan uchtasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan o‘yinlarda durang natijalar kuzatildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA