Nav guvohnomasi taqdim etiladi
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 19-fevraldagi “2016-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 19-fevraldagi “2016-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi.O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda 8 ming 200 gektardan ko‘proq maydonda yangi bog‘, 5 ming 800 gektarda uzumzor yaratiladi. Tuman va shaharlar markazi, aholi turar joylari, yo‘l bo‘ylari va xiyobonlarga minglab ko‘chat va qalamchalar, gullar va butalar ekiladi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti ko‘chat ekish, yon-atrofini obod etish istagidagi yurtdoshlarimizga yaqindan yordam bermoqda. Ilmiy jamoa bahorda joylarga yetkazib berish uchun 4 million donadan ko‘proq manzarali va mevali daraxt, tok hamda gul ko‘chatlarini tayyorladi. Ular yurtimiz iqlim sharoitiga mosligi, serhosilligi va chiroyli manzarasi bilan ajralib turadi.
– Ko‘chatning bo‘yi o‘rtacha 1,5 metr, navdalari silliq va uzun, kurtaklari orasidagi masofa bir xil bo‘lgani yaxshi, – deydi institut bo‘lim boshlig‘i Ravshan Abdullayev. – Bu ko‘chatning barcha agrotexnika qoidalariga muvofiq yetishtirilganidan dalolat. Navdalari kalta, ulardagi kurtaklar orasi juda yaqin bo‘lsa, ko‘chat “qiynalgan”idan darak beradi, ya’ni u me’yorida rivojlanmagan bo‘ladi. Ildizlari ham yetarli darajada yo‘g‘on va 3-4 tadan kam bo‘lmasligi kerak. Ustki qismi ildiz bo‘g‘izidan 60-70 santimetr balandlikda 3-4 tadan shoxlagan bo‘lishi lozim. Payvandtag bilan payvandustning o‘lchami bir xil bo‘lgan ko‘chat sifatli hisoblanadi. Shunday ko‘chat tanlansa daraxtning umri uzoq bo‘ladi, yaxshi hosil beradi.
Joriy yildan institut va uning filiallaridan xarid qilingan har bir ko‘chat uchun nav guvohnomasi ham taqdim etilmoqda. Bu niholga o‘ziga xos kafolatdir. Bozordan ko‘chat olgan kishi tajribali dehqon bo‘lmasa, aldanib qolishi mumkin. Masalan, shaftoli va o‘rik ko‘chatlari bir-biriga o‘xshagani bois hamma ham ularni darrov ajratolmaydi.
Ayni vaqtda bahorning har kunini g‘animat bilgan bog‘bonlar bog‘ va tokzorlarga shakl berish, sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar solish kabi agrotexnik tadbirlarni bajarmoqda.
– Bahor insonning tabiatga bo‘lgan mehrini sinovchi palla, – deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Mirishkor Sayfuddinova Xonzoda” fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Sayfuddinov. – Bu davrda har birimizda gul va daraxt ekish, ularni parvarishlash zavqi ortadi. 20 gektar intensiv bog‘imizda bahor yumushlarini boshlab yubordik. Yurtimizda o‘sadigan, deyarli yo‘qolib ketish arafasida turgan o‘simliklardan namunalar olib, ko‘paytirayapmiz.
Xo‘jalikda olma, gilos, olcha, nok kabi mevalarni yetishtirish bilan bir qatorda archa, qarag‘ay, oq qayin, kashtan, qayrag‘och kabi manzarali daraxtlar ham ko‘paytirilmoqda. Xo‘jalikning ikki gektar tajriba ko‘chatxonasida Markaziy Osiyo, Yevropa, Shimoliy Amerika va Uzoq Sharq mamlakatlaridan keltirilgan antiqa o‘simliklar ham mavjud. Anvoyi atirgul ko‘chatlari o‘z jozibasi va fusunkorligi bilan Gollandiya va Belgiyada yetishtiriladigan xuddi shunday nihollardan aslo kam emas. Jamoa o‘tgan yili mahalliy buyurtmalarni ta’minlash barobarida, qariyb 30 ming dollarlik eksport amaliyotini bajargani ham ana shundan dalolatdir.
Joriy yilda fermer xo‘jaligining 20 gektar ko‘chatxonasida noyob gullardan 100 ming dona, mevali va manzaralari daraxtlardan 50 ming donadan ziyod ko‘chat yetishtirildi.
Ezgu niyatlar bilan ekilayotgan har bir daraxt bog‘-rog‘larimizning yanada kengayishiga, yurtimiz obodligi va bozorlarimiz farovonligiga hissa bo‘lib qo‘shiladi.