“Nasaf” Superliga peshqadamiga aylandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 11-turi doirasida “Nasaf” – OKMK va “Andijon” – “Surxon” jamoalari raqobatlashdi.
Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan "Nasaf" – OKMK bahsi keskin va murosasiz o‘tdi. Uchrashuvning 16-daqiqasida Husayn Norchayev hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 52-daqiqasida OKMK jamoasi a’zosi Nodirbek Abdurazzoqov hisobni tenglashtirdi. Biroq, 78-daqiqada Dragan Cheran raqib jamoa himoyachisi va darvozabonning qo‘pol xatosidan unumli foydalanib, g‘alaba golini urdi.

Shu tariqa, 2:1 hisobida zafar quchgan "Nasaf" ochkolarini 25 taga yetkazib oldi va Superliga peshqadamiga aylandi. OKMK esa 23 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushdi.
“Bobur-arena”da o‘tkazilgan "Andijon" - "Surxon" klublari bahsi 2:1 hisobida yakunlandi. Natijada "Andijon" ochkolari sonini 12 taga yetkazib oldi, "Surxon" esa 13 ochko bilan qoldi.
11-tur doirasidagi bugungi bahslarda “So‘g‘diyona” – “Buxoro”, “Neftchi” – “Sho‘rtan” jamoalari raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA