Namunali uyda portlash yuz berdi
Bugun – 30 noyabr kuni soat 7:42 da Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Istiqlol ko‘chasi, "Qirariq" MFY da joylashgan 80-sonli uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnash natijasida uyning bir qismi qulab tushgan va xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan. Turar-joyning zarar yetgan qismidan 1984 y.t. I.S., 1987 yilda tug‘ilgan I.N., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. olib chiqilib, tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, chaqnash oqibatida 1984 yilda tug‘ilgan I.S., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. vafot etgan bo‘lib, 1987 yilda tug‘ilgan I.N. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. turli darajada tan jarohatlari olgan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi taxmin qilinmoqda.
Voqea joyida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat IIB, FVB, SSB va tegishli idoralarning kuch va vositalarini jalb qilingan bo‘lib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.