Namoyish, kelishuv va hamkorlik
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida «Uzbekistan Industrial exhibitions-2022» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
“International Expo Group” ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi kabi bir qator tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 14 davlatdan 100 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, mazkur namoyish bir necha yo‘nalishdagi xalqaro ko‘rgazmalarni qamrab olgan bo‘lib, ushbu maydon ishtirokchilar uchun qulay imkoniyat yaratadi. O‘z navbatida, bu kabi tadbirlar yurtimiz savdo-iqtisodiy va sanoat salohiyatini oshirishda qulay investitsiya muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-6486]
Ishtirokchilar ushbu ko‘rgazma maydonlarida metallga ishlov berish uskunalari, butlovchi qismlar hamda mashina asboblari qurilishi va payvandlash xizmatlari, yo‘l-qurilish maxsus texnikalarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, avtosanoat namoyishi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bir qator korxonalar keng assortimentdagi asbob-uskunalar va xavfsizlikning yangi yondashuvlari, sanoat ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash uchun texnik vositalar, ogohlantirish tizimlari, kompleks xavfsizlikni ta’minlash uchun uskunalar, individual himoya vositalari, audio va video kuzatuvlar, shuningdek, axborot xavfsizligi sohasidagi o‘zgarishlar ular e’tiboridan chetda qolmayapti.
Ayniqsa, kimyo va plastmassa sanoatida faoliyat yuritayotgan xalqaro va mahalliy kompaniyalar o‘rin olgan pavilon tashrif buyuruvchilar bilan yanada gavjum.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA