Namanganlik yosh hunarmandlar kashtasi xorijda e’tirof etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga munosib tarzda yetkazish har bir vatandoshimizning muqaddas burchidir. Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan hunarmandchilik an’analarini yoshlar ongiga singdirish esa bu boradagi eng muhim vazifalardan.
Namangan shahridagi 11-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Roziya Ahmadjonova hamda 14-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Mahfuza Hamidxo‘jayeva ham milliy kashtachilik san’ati an’analarini davom ettirish niyatida 6 yildan buyon tajribali usta-hunarmand Hakimjon Tojiboyevdan sohaning sir-asrorlarini puxta o‘rganmoqda.
[gallery-27139]
Yosh hunarmandlar tomonidan yaratilayotgan har bir san’at asari – gazlama tanlashdan tortib, naqshni matoga tushirish, iplarni ranglash, kashta tikish kabi 20 dan ortiq murakkab bosqichlardan o‘tadi. Mazkur jarayon buyumning murakkabligiga qarab 3–5 oy, ayrim hollarda esa 1–2 yilgacha davom etadi. Kashtachilikda shirmon, oy, gul, anor, bodom kabi an’anaviy nusxalarning qo‘llanilishi Namangan milliy kashtachiligining boy va betakror an’analarini yaqqol namoyon etadi. E’tiborlisi, o‘quvchi-qizlar tomonidan yaratilayotgan milliy kashtalar nafaqat yurtimizda, balki AQSH, Germaniya, Turkiya hamda bir qator Yevropa davlatlarida ham xaridorgir. Ularning bahosi 300 ming so‘mdan 70 million so‘mgacha yetmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA