Namanganlik ayol 46 yil deganda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘ldi
Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash, ularni bir necha yillardan beri qiynab kelayotgan muammolarini hal etishda adliya organlarining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Gap shundaki, Namangan shahri tarkibidagi Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N. Sohibova qariyb yarim asr, ya’ni 46 yil davomida tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasiz hayot kechirdi. Bir qarashda oddiy hujjatdek tuyuladigan bu guvohnoma yo‘qligi uning butun hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. U na davlat xizmatlaridan to‘liq foydalana oldi, na ijtimoiy himoya va imtiyozlardan bahramand bo‘ldi. Go‘yoki u jamiyatda boru, lekin huquqiy jihatdan mavjud emasdek edi.

– Inson hayotida turli sinovlar bo‘ladi. Ba’zida e’tiborsizlik yoki turli sabablar tufayli kichik bir xato katta muammolarga aylanadi, – deydi Namangan viloyat adliya boshqarmasi tasarrufidagi Davlatobod tumani FHDYO bo‘limi mudiri Shirin Isoqova. – Biroq umidini so‘ndirmagan kishi yillar o‘tishi bilan baribir muammosiga yechim topadi. Bo‘limimiz tomonidan olib borilgan ishlar natijasida ushbu masala ijobiy hal etildi. Kerakli hujjatlar rasmiylashtirilib, ayol kishiga tug‘ilganlik guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Darhaqiqat, bu shunchaki hujjat berilishi emas, insonning yo‘qolgan huquqlari qayta tiklangani, jamiyatdagi o‘rni mustahkamlangani, yangi imkoniyatlar eshigi ochilganining ifodasidir. Endilikda u bemalol davlat xizmatlaridan foydalanishi, o‘z huquqlarini to‘liq amalga oshirishi mumkin.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA