Namanganga katta tennis qaytmoqda
Namangan chinakamiga xalqaro sport maydoniga aylanmoqda. Davlatobod tumanidagi "Do‘stlik" sport majmuasi kortlarida 14-18 yoshdagi qizlar va o‘g‘il-bolalar o‘rtasida "ITF Juiors Js Tournament" xalqaro turniri start oldi.

Ta’kidlash joizki, uzoq tanaffusdan so‘ng Namanganga yana eng jozibali sport turlaridan biri qaytmoqda. Namanganda profesional tennischilar o‘rtasida oxirgi bor 2020 yilda "J3" turniri o‘tkazilgan edi. 2019 yilda esa erkaklar o‘rtasida "Fyuchers" xalqaro turniri bo‘lib o‘tgan. Bu galgi intiq kutilgan xalqaro sport anjumani – "30 ITF Juniors" reyting ochkosi uchun kechadigan nufuzli musobaqada O‘zbekiston tennischilaridan tashqari Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Ruminiya, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi o‘ndan ortiq davlatlardan yuzdan ziyod yosh raketka ustalari ishtirok etmoqda.

Xalqaro turnirning saralash uchrashuvlarida o‘zbekistonlik o‘smirlarning muvaffaqiyatli ishtirok etganligi quvonarlidir. Javohir Safarov, Artyom Bukin, Fyodor Kurilenkov, Ilya Tiganok, Maksim Breus singari umidli tennischilarimiz bahslarni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qizlar ishtirokidagi raqobatda qo‘shni va xorijiy davlatlar vakillari o‘z mahoratini ishga solgani saralash bellashuvlaridagi natijalarda o‘z aksini topdi. Xususan, Qozog‘istondan Karyana Fladosik, Anastasiya Akuginova, Adliya Omerbek, Xitoy sportchisi Li Ma Luo Di, Ruminiyadan Yeva Tyachenko “asosiy” o‘yinlarga yo‘l oldi. “Hard” (qattiq) qoplamali kortlarda uyushtirilgan nufuzli turnirning asosiy to‘r o‘yinlari 27 mart kuni boshlanadi. Unda musobaqaning birinchi raketkasi sifatida tasniflangan Darya Shubina (ITF Juniors reytingida 484-o‘rin), Artur Ibragimov (ITF-467), Bobur Madaminov (ITF-613) singari o‘zbekistonlik iqtidorli raketkachilar yaqqol favorit sifatida ko‘rilmoqda. Zero, ulardan murabbiylarning umidlari katta.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA