Namanganda yangi oliy o‘quv yurti tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Mazkur universitetning asosiy vazifalari:
muhandislik, qurilish, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy- pedagogik kadrlar tayyorlash;
ta’lim jarayoniga ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llagan holda xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida milliy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini uyg‘unlashtirish orqali ishlab chiqarish, sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish;
amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish hamda uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish;
hududdagi texnika yo‘nalishida kadrlar tayyorlovchi kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish;
talabalarning har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya va amaliyot uyg‘unligini samarali tashkil etishdan iborat bo‘ladi.
Qaror bilan:
Namangan davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
Namangan davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan ob’ektlar ro‘yxati;
Namangan davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA