Namanganda xalqaro loyiha ish boshladi
2020 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Ta’limda global hamkorlik tashkiloti hamda Natijalarga asoslangan yondashuvlar uchun global hamkorlik tashkiloti ishtirokidagi “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Umumiy qiymati 100,57 million AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha 2020-2024 yillarda bolalarning erta yoshdan ta’lim olish imkoniyatlarini oshirishga mo‘ljallangan. Ayni paytda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim muhitini yaxshilashga va ta’lim sifatini tizimli baholab borishga qaratilgan.
Mazkur loyiha treninglari bolalarning yoshi va yakka tartibdagi xususiyatlaridan kelib chiqib, “O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimida bolaga yo‘naltirilgan ta’lim yondashuvini joriy etish” mavzusiga bag‘ishlanadi.
Ortirilgan malakalar bolalarning shaxsiyatiga yo‘naltirilgan turli yondashuvlarni tarbiyachilar tomonidan amaliy faoliyatda qo‘llanilishi bo‘yicha pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Muhimi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilaydi. Bu esa, bolalarni maktab hayotiga to‘siqlarsiz o‘tishi va moslashishiga ko‘maklashadi.

Hozirga qadar Samarqand, Xorazm kabi qator viloyatlarda Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida Namangan shahrida ham to‘rt kunlik seminar-trening o‘tkazilib, unda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmalarining uslubchilari, o‘qituvchilar, tizim mutaxassislari ishtirok etdi.
Jahon bankining xalqaro konsultanti Zulfiya Veysova tomonidan olib borilgan treningda Maktabgacha ta’lim vazirligi mas’ullari – Lola Yusupova, loyiha konsultanti Damira To‘xtasinova, Namangan viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Hilola Yusupova loyihaning maqsad-vazifalariga e’tibor qaratdi.
Qayd etish lozimki, treninglarda pedagoglarga bir-biridan o‘rganish imkoniyatini beruvchi kollegial ta’lim elementi qo‘llanilmoqda. Bu milliy mutaxassislarni tayyorlashda dastlabki bosqich hisoblanadi. Keyingi bosqichda esa, kelajakda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uslubchilari va tarbiyachilariga kaskad usuli yordamida bevosita joylarda trening o‘tkazadigan murabbiylik mahorati o‘rgatiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA