Namanganda telemeditsina rivojlanadi
Namangan viloyatida “Shoshilinch tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari: shoshilinch tibbiy yordamdagi innovatsiyalar” mavzusida XVII Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda AQSH, Germaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Ruminiya, Chernogoriya, Belarus va Rossiyadan 90 dan ortiq ekspert va shifokorlar ishtirok etdi.
Anjumanning dastlabki kunida Rossiya, Germaniya, Koreya, AQSH kabi davlatlarning yetakchi tibbiyot olimlari tavsiyalari asosida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida mazkur muassasaning xirurgiya va travmatologiya bo‘limlarining malakali shifokorlari tomonidan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari hamda xorijiy shifokorlar ipshtirokida “mahorat darslari” o‘tkazildi.

Konferensiyaning ikkinchi kunida mamlakatimizda bundan 21 yil avval asos solingan shoshilinch tibbiy yordam xizmatining o‘tgan davrdagi faoliyati va ularning natijalari atroflicha tahlil qilindi. Darhaqiqat, shoshilinch tibbiy yordam xizmati mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi alohida va yirik tashkiliy tuzilma hisoblanadi. bugungi kunda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi 13 filiali hamda 181 ta subfilialida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul, sifatli, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Birgina, RSHTYOIMning 53 ta klinik bo‘lim hamda tarkibiy bo‘linmalarida o‘nlab turli yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Mazkur anjumanda tizimda yangi texnologiyalar jalb etilishi natijasida jarrohlik va kardiologiya, pediatriya va toksikologiya, og‘ir sharoitlarda barcha turdagi jarohatlarni davolash va diagnostika jarayonlarida samara berayotgani qayd etildi.
Tadbirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam xizmati va O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shganligi, o‘zaro tajriba almashinuvi, soha xodimlarini malakasini oshirish borasidagi xizmatlarini inobatga olib, Moskva shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, professor Mixail Zamyatin, “GIZ” loyihasi direktori Karneliya Bekker, shuningdek, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasi, xususan viloyat shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi binosini kapital rekonstruksiya qilish va so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunlar bilan jihozlashda jonbozlik ko‘rsatgani uchun Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzaqovlarga Respublika shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faxriy professori unvoni berildi.

Butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus pandemiyasi masofaviy texnologiyalar va maslahatlarni rivojlantirishga turtki berdi va barcha hamkorlarning jamoaviy tajribasidan foydalanishni taqozo qildi. Chunonchi, yangi texnologiyalar jarrohlik va kardiologiya, pediatriya va toksikologiya, og‘ir sharoitlarda barcha turdagi jarohatlarni davolash va diagnostika jarayonining ajralmas qismiga aylandi.
Anjumanda, Farg‘ona vodiysida birinchilardan bo‘lib telemeditsina rivoji yo‘lida dastlabki qadamlarni qo‘ygan Namangan viloyati tibbiyot sohasi uchun Germaniya hukumatining “GIZ” loyihasi tomonidan zamonaviy tibbiy robot apparat tuhfa qilindi. E’tiborlisi, bunday noyob uskuna mamlakatimiz bo‘yicha ikki dona bo‘lib, dastlabkisi poytaxtimizdagi Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida mavjud edi. Mazkur robot apparat nafaqat diagnostika, balki og‘ir bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha dunyoning istalgan mamlakatidan telemeditsina orqali yetakchi mutaxassislar tavsiyalarini olish imkonini beradi.

–Tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda qatnashayotganimdan xursandman, – deydi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh kombustiologi, Kombustiologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Andrey Alekseyev. – O‘zim 30 yildan buyon kombustioligi (kuyganlar jarrohligi) sohasida faoliyat yuritaman. Ushbu ilmiy seminarning ahamiyati shundaki, biz bemorlarga sifatli hamda yuqori texnologiyali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishimiz, ikki davlat shifokorlarining hamjihatligini mustahkamlashimiz zarur. Qolaversa, bunday formatdagi tadbirlarda muhim masalalarni hal etish yechimlari topiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.