Namanganda "Mo‘ynoqqa madad" velomarafoni boshlandi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni boshlandi.
O‘zbekiston ekologik partiyasi, Respublika Turizm va sport vazirligi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi tomonidan Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan mazkur velomarafonda yuzdan ziyod professional velosportchilar, havaskor va volontyorlar “Uch favvora” xiyobonidan start olib, Namangan shahridan To‘raqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlari bo‘ylab harakatlandi.
Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamiz, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylangani, ayni shu sababdan ham Prezidentimiz tomonidan ushbu masalaga BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida xalqaro hamjamiyat e’tibori qaratilgan edi.
[gallery-2509]
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shu yil 18 may kuni BMT tarafidan tarixiy hujjat, ya’ni, Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Mazkur xayriya velomarafonini o‘tkazishdan maqsad, yurtimizda velosportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, qolaversa, Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash, keng jamoatchilik e’tiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratishdir.
Shu nuqtai nazardan ham marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag‘lari Mo‘ynoq tumanidagi Ali-ovul qishlog‘ini obodonlashtirish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo‘naltiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA