Namanganda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik marafoni davom etmoqda
Namangan shahrida joriy yilning 1–27-may kunlari aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik marafoni tashkil etildi.
Marafon doirasida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlaridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar hamda oilaviy poliklinikalarda aholi uchun bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Shu kunga qadar 55 ming nafardan ortiq fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bugun 7 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Namangan shahridagi 5-oila poliklinikasi ham mazkur tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 150 qatnov quvvatiga ega tibbiyot muassasasi ikki binodan iborat bo‘lib, uning Hamza filiali ham aholiga xizmat ko‘rsatadi.
[gallery-29473]
Poliklinikada 110 nafar tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Ular orasida 14 nafar oila shifokori, 4 nafar tor doira mutaxassisi va 75 nafar o‘rta tibbiyot xodimi bor. Muassasa 31 ming 278 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shundan 15 ming 177 nafari ayollar, 12 ming 281 nafari esa 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Tibbiy ko‘riklar davomida aholi o‘rtasida qator skrining tekshiruvlari tashkil etilmoqda. Xususan, 40 yoshdan yuqori fuqarolarni yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha tekshirish rejasiga kiritilgan 716 nafarning 393 nafari ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 8 nafarda kasallik ilk bor aniqlandi.
Qandli diabet kasalligini erta aniqlash maqsadida rejalashtirilgan 652 nafar fuqaroning 446 nafari tekshiruvdan o‘tkazilib, 3 nafarda kasallik belgilari qayd etildi.
Shuningdek, 2–10 yoshli bolalar o‘rtasida gelmintoz kasalliklarini aniqlash bo‘yicha 422 nafar bola tekshiruvdan o‘tkazilib, 82 nafarida kasallik holati kuzatildi. Bolalarga profilaktika maqsadida “Albendazol” dori vositalari tarqatildi.
3–18 yoshli bolalar o‘rtasida onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklarda 402 nafar bola tekshirildi. Hozircha kasallik holatlari qayd etilmagan.
Sil kasalligini erta aniqlash maqsadida ko‘chma rentgen apparati yordamida 131 nafar aholi flyuorografik tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada 1 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlandi.
Tibbiy ko‘riklar jarayonida surunkali kasalligi bor fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari tarqatilib, kunduzgi shifoxonada davolanishi ta’minlanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VvRvwPJlVKI?si=9xsN3cFxpkfzG1GJ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hotam Mamadaliyev(surat,video),O‘zA