Namanganda Ayollar festivali o‘tkazilmoqda
Namanganda "Ayol dunyo bezagi, mehr-muhabbat ramzi!" shiori ostida ayollar festivali o‘tkazilmoqda.
Viloyat hokimligi hamda viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan shahar va tumanlarda bir vaqtning o‘zida xotin-qizlar bandligini ta’milash, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida tashkil etilgan o‘nlab amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan mazkur festival Davlatobod tumanidagi “Yosh kuch” o‘yingohida sport-musiqali mashg‘ulotlardan iborat "fleshmob" bilan boshlandi.

Festival doirasida "Qizil yarim oy" jamiyati viloyat tashkiloti tomonidan 40 ta "Damas" avtomobili tayyorlandi. Ushbu avtomobillarga sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiyot aptechkalari joylashirilgan.

Avtokarvon Namangan shahri va Davlatobod tumanidagi 40 ta mahallaga yo‘l oldi. 200 ta xonadonga ushbu to‘plamlar va 500 ming so‘mdan pul topshirishi ko‘zda tutilgan. Davlatobod tumanidagi FHDYO binosida "Ayollar huquqiy maslahatxonasi" tashkil etildi. Unda viloyat adliya hamda Davlat xizmatlari agentligi boshqarmalari, advokat, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius, sudyalar, psixolog, rasmiy otinoyilar va nuroniylar, “Madad“ va “Qalb mehri“ nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida xotin-qizlarga bepul yuridik xizmat hamda psixologik maslahatlar berilmoqda.

Ayni paytda esa Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi binosida “Kitobxonlik” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Kitobxonlik tadbirida xotin-qizlar o‘rtasida she’rxonlik, g‘azalxonlik, mushoira kechalari ko‘tarinki kayfiyatda kechmoqda. Festival tadbirlarida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA