Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ijtimoiy soha ob’ektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida muassasalar davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilmoqda. Yangi Namangan tumanining Ma’naviyat mahallasidagi 2-maktabda shu yo‘nalishga bag‘ishlangan seminarda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bu boradagi amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Tumandagi 57 ta ob’ektning issiqlik ta’minoti tizimi xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha tuman hokimligi va “Nodir Shox qurilish”, “Ciliffs Dizayn Group” jamiyatlari o‘rtasida bitim imzolandi. Unga ko‘ra, 78 ta yangi qozon o‘rnatish, 1 ming 667 ta radiatorlarni yangilash, 7,6 kilometr tashqi va ichki isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlari bajariladi.


***
Norin tumani hokimligi hamda tuman ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Manzilingizga yetguncha kitob o‘qing”, “Vaqtdan unumli foydalaning” loyihasi tashkil etildi. Bunda aholining kitobga bo‘lgan muhabbati, ma’naviy dunyosini boyitish ko‘zlangan. Loyihada tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov boshchiligidagi sektor rahbarlari, IIB Yo‘l patrul xizmati xodimlari avtobus va yengil avtomashina haydovchilariga eng sara badiiy asarlar to‘plamini bepul topshirdi.


***
Davlatobod tumanida tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. “Yuksalish” kichik sanoat zonasida joylashgan “Saodat sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ushbu korxona yiliga 200 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Istiqbolli korxona yangi loyihalar va yirik bitimlarni amalga oshirishga kirishdi, natijada kengaytirilgan ishchi kuchiga ehtiyoj paydo bo‘ldi.


***
Uchqo‘rg‘on tumanining Paxtachi mahallasida joylashgan “Muhammadjon hamkor servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli 522 gektar maydonda pomidor pishib yetildi. Pomidor terimi mavsumining boshlanishi qishloqqa to‘kin-sochinlik kirib kelganidan dalolat beradi. Mavsumda har bir ishchi kuniga o‘rtacha 250-300 ming so‘mdan oilaviy 1-1,5 million so‘mgacha daromadga ega bo‘ladi. Pomidor plantatsiyasida Paxtachi, Birlik, Qo‘rg‘oncha mahallasi, shuningdek, viloyatning Uychi, Norin tumanlari va qo‘shni Andijondan ham kelgan 1 ming 500 mingga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Mahsulot yuz foiz eksport qilinmoqda.


***
Uychi tumanidagi Islomobod mahallasida faoliyat yuritayotgan “Uychi Asaka hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishlab chiqarish sexida bugungi kunda o‘simliklar bargi va ildiz orqali oziqlantiradigan “Nano organic” o‘g‘itlari tayyorlanmoqda. Tadbirkor Qodirjon Abdullayevning aytishicha, tosh mahsulotidan tayyorlanayotgan bu o‘g‘it quruq va suyuq holatda bo‘lib, rivojlanishdan orqada qolgan o‘simliklar parvarishida hamda barcha turdagi o‘simliklardan, shu jumladan, paxta, g‘alla, bog‘dorchilikda ikki barobar yuqori hosil olish imkonini beradi. Sex bir kunda 30 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu 15 ming gektar maydondagi o‘simlik parvarishiga yetadi. Afzalligi shundaki, bir gektar maydondagi paxta maydoniga olti million so‘m sarflanadigan bo‘lsa, bu o‘g‘itdan 600 ming so‘m sarflanadi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA