Naim Qosim – Hizbullohning yangi rahbari
“Arab News” xabar berishicha, Naim Qosim Livandagi Hizbulloh harakati yangi Bosh kotibi etib tayinlandi.
Guruhning asosiy boshqaruv organi – Sho‘ro kengashi bugun hozirgacha Bosh kotib o‘rinbosari lavozimida ishlagan Naim Qosimni harakat rahbari sifatida e’lon qildi.
30 yildan buyon Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan Hizbulloh harakati avvalgi yetakchisi Hasan Nasrulloh 27 sentyabr kuni Isroil havo hujumi natijasida halok bo‘lgan edi.
1953 yil Bayrutda tug‘ilgan Naim Livan universiteti kimyo fakultetini tamomlagan va 1970 yillarda Musulmon talabalar ittifoqiga asos solgan. Keyinroq shialarning Amal harakatiga qo‘shilgan.
1979 yildagi Eron inqilobi ko‘plab livanlik shialar, jumladan keyinchalik Amalni tark etgan Qosimning siyosiy qarashiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. 1982 yil Isroil Livanni bosib olgach, Qosim Eron Inqilobiy gvardiyasi korpusi ko‘magida tuzilgan Hizbullohning ta’sis yig‘ilishlarida qatnashdi. 1991 yil Abbos Al-Musaviy tomonidan tashkilot Bosh kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi. Keyingi yil Al-Musaviy Isroil havo hujumida o‘ldirilgandan so‘ng, yangi rahbar Hasan Nasrulloh davrida ham lavozimini saqlab qoldi.
Qosim ko‘p yillar davomida guruhning yetakchi voizlaridan biri sifatida muntazam ravishda, ayniqsa, Isroil bilan mojaro kuchaygan payt xalqaro ommaviy axborot vositalariga bayonotlar bergan. Nasrullohning o‘limi haqida tashkilot nomidan ilk rasmiy bayonotni ham u bergan. O‘shanda o‘z nutqida juda qisqa vaqt ichida yangi Bosh kotib saylanishi va falastinliklar bilan birdamlikda Isroilga qarshi kurash davom ettirilishiga ishonch bildirgan edi.
M.Pirmatova, O‘zA