Nafsingizni jilovlang, janob “ishbilarmon”
Sayyoramizga chang solgan koronavirus infeksiyasi dunyo ahlini jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Odamlarning ahil va inoqligini, sabr-qanoat va nafsini imtihon qilmoqda.
Sayyoramizga chang solgan koronavirus infeksiyasi dunyo ahlini jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Odamlarning ahil va inoqligini, sabr-qanoat va nafsini imtihon qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham hozirgi tashvishli kunlarda koʻplab saxovatli insonlar, tadbirkorlar ehtiyojmand yurtdoshlarimizga beminnat moddiy koʻmak berayotgan boʻlsa, ayrim “uchqur” “ishbilarmonlar” bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxini asossiz oshirib sotishga urinayotganida yuzi shuvut boʻlib qolmoqda.
Mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin davrida nafsi hakalak otgan bunday soxta tadbirkorlar faoliyatidan norozi boʻlib, viloyat davlat soliq boshqarmasi “Ishonch telefoni”ga 70 ta murojaat kelib tushdi.
Fuqarolarning murojaatlari tezkorlik bilan ularning aksariyatida xaridorlar haqligi maʼlum boʻldi. Jumladan, Shoʻrchi tumanida istiqomat qiluvchi D.M hech qanday hujjatsiz kartoshka va piyoz mahsulotlarini qimmat narxda pullayotganida qoʻlga tushib qoldi. Sherobod tumani dehqon bozorida Ya.T. hech qanday hujjatlarsiz kartoshka mahsulotining bir kilogrammini besh ming soʻmdan sotayotgani aniqlandi. Denov tumanida qoʻlga tushgan soxta tadbirkor A.K. 500 kilogramm kartoshkani oshirilgan narxda pullayotganida siri fosh etildi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasidan maʼlum qilishlaricha, vohada 61 ta holatda 1 ming 784 kilogramm hajmdagi umumiy qiymati 42 million soʻmlik kartoshka va piyoz mahsulotlari narxlarini asossiz oshirib sotish holati aniqlandi.
Mamlakatimizga pandemiya kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha izchil choralar koʻrilayotgan shu kunlarda vaziyatdan “unumli” foydalanishga urinayotgan bunday soxta tadbirkorlarga tegishli jazo qoʻllash uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga topshirilmoqda. Noqonuniy savdoga qoʻyilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari masala qonuniy yechim topguncha vaqtinchalik olib qoʻyilayotir.
Viloyatda narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom etmoqda.