Myanmada ulkan yoqut topildi
Myanmada mamlakat tarixidagi eng yirik yoqutlardan biri topildi. Shvetsiyaning "Expressen" nashri xabar berishicha, og‘irligi taxminan 11 000 karat – taxminan 2,5 kg bo‘lgan yoqut qimmatbaho yer osti unsurlari bilan mashhur Mogok shahri yaqinida konchilar tomonidan qazib olingan.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qimmatbaho inju Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatida topilgan ikkinchi eng katta yoqut hisoblanadi.
Mutaxassislar noyobligi, sof rangi va yuqori sifatini ta’kidlayotgan bu toshning qiymati mamlakatdagi mavjud eng yirik yoqutdan oshishi mumkin ekan.
Aprel oyi o‘rtalarida qo‘lga kiritilgan topilma faqat endi rasman e’lon qilindi. Yoqutni Myanma Prezidenti Min Aung Xlaing jamoatchilikka taqdim etdi.
G.Sattorova, O‘zA