Muzeylar – millat xotirasi va turizm taraqqiyotining muhim omili
Muzeylar xalqning boy tarixi, madaniy merosi va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash bilan birga, yosh avlodning ma’naviy tarbiyasi hamda turizm salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda muzeylar faoliyatini rivojlantirish, ularni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va aholi uchun yanada jozibador maskanga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tashrif buyuruvchilar sonining o‘sishida o‘z aksini topmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga respublikada filiallari bilan birga jami 137 ta muzey faoliyat yuritmoqda. 2025-yil davomida mazkur muzeylarga 5,5 million nafar tashrif bo‘lgani sohaga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, muzeylarga tashriflar soni 2024-yilga nisbatan 692,3 ming nafarga yoki 14,5 foizga oshgan. Bu o‘sish bir necha muhim omillar bilan izohlanadi. Jumladan, ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, muzeylarda interaktiv ekspozitsiyalar va raqamli xizmatlarning joriy etilishi hamda aholining madaniy hordiq chiqarishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.
Statistikaga ko‘ra, har ming nafar aholi hisobiga 145 ta muzey tashrifi to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich muzeylar jamiyat hayotida tobora muhim o‘rin egallayotganini anglatadi. Shu bilan birga, ushbu raqamni yanada oshirish uchun ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlar uchun maxsus madaniy loyihalarni amalga oshirish, muzeylarning turistik marshrutlardagi o‘rnini kengaytirish hamda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bugun muzeylar faqat tarixiy eksponatlar saqlanadigan joy emas, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va turizmni birlashtiruvchi zamonaviy markazlarga aylanib bormoqda. Tashriflar sonining barqaror o‘sishi esa aholining milliy merosga bo‘lgan ehtiromi yuksalayotgani, mamlakatda madaniy turizm rivojlanayotgani va muzeylar jamiyat hayotining muhim bo‘g‘iniga aylanayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA