Muzey eksponatlari 163 taga ko‘paydi
Millat tarixi va uning madaniyatidan so‘zsiz hikoya qiluvchi maskan – muzey. O‘tmish haqida xolisona so‘z etuvchi muzeylar, undagi eksponatlar insonni bir muddat moziyga chorlagandek bo‘ladi.
Tarix va madaniyat aks etgan eksponatlarning ushbu maskanda yig‘ilishida bojxona organlarining ham hissasi katta.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga ellik yil va undan ko‘p bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini mamlakatimiz hududidan tashqariga olib chiqish ta’qiqlanadi.
Lekin ayrim fuqarolar tomonidan qonunga xilof tarzda madaniy meroslarimizni mamlakat hududidan tashqariga olib chiqishga urinish holatlari uchramoqda.

“Nukus aeroport” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Nukus-Moskva” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib ketayotgan fuqaro o‘zi bilan “B.M Nikolay imperator samoderjets vseross” yozuvi bo‘lgan 1 dona qadimiy tangani olib chiqishga urinish holati aniqlandi.
4,29 gramm og‘irlikdagi qimmatbaho metall - “oltin” qotishmasidan yasalgan ushbu tanga 1901 yilda bosib chiqarilgan ekan.
Xuddi shunday yana bir holatda, “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga chiqib ketayotgan “Lada-Largus” rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, jami 8 dona qadimiy tangani noqonuniy ravishda respublikamiz hududidan olib chiqishga urinish holati fosh etildi.
“Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Toshkent-Volgograd” yo‘lovchi poyezdining 12-vagonida yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan shaxs o‘zi bilan birga 57 dona qadimiy tanga va antikvar shamdonlarni olib chiqishga uringan vaqtida to‘xtatib qoldi.
Ma’lumot o‘rnida, yil boshidan beri Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan 20 ta holatda 163 dona Madaniy boyliklar sirasiga kiruvchi tarixiy va madaniy boyliklarning bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishiga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi.
Bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yilgan madaniy meros ob’ektlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyiga ixtiyoriga berilmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari “Madaniy boyliklarni topshirish, qabul qilish” dalolatnomalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi tomonidan berilgan xulosalar bo‘yicha bojxona chegaralarida noqonuniy ushlab qolingan tangalarni muzeyning mas’ul xodimlariga topshirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA