Muzaffar bokschilarimiz tantanali kutib olindi
Armanistonda poyoniga yetgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati mamlakatimiz o‘smir bokschilari uchun o‘ziga xos mahorat maydoni vazifasini o‘tadi.
Dunyoning 51 ta mamlakat terma jamoalari ishtirok etgan murosasiz bahslar natijasida yosh charm qo‘lqop ustalarimiz o‘zbek boksining dunyoda o‘z o‘rni borligini yana bir karra isbotladi.

Jahon chempionatida 4 ta oltin, 3 kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bugun tunda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akram Nezamiddinov, O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shaxid Tillaboyev, sportchilarimizning ota-onalari, murabbiylar ishtirok etgan marosimda iste’dodli bokschilarimizning erishgan muvaffaqiyati mamlakatimizda yoshlar sportiga berilayotgan e’tiborning samarasi ekani ta’kidlandi.

—Yosh bokschilarimizning erishgan yutuqlari e’tiborli bo‘ldi. Bundan albatta xursandmiz. Armaniston ringlarida o‘tgan musobaqalar yoshlarning texnik-taktik mahoratini oshirish, ularning ruhiy quvvatini yanada mustahkamlash borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘lamiga oydinlik kiritdi, — deydi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Bekzod Xidirov.

Yerevan shahri ringlarida kechgan janglarda O‘zbekiston bokschi yoshlari umumjamoada Rossiya va Armaniston terma jamoalaridan keyin 51 ta davlat orasida 3-o‘rinni egalladi. Bu esa yurtimizda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov kabi chempionlarning munosib izdoshlari kamolga yetayotganini ko‘rsatmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA