Mutaxassislar g‘o‘za parvarishini ko‘zdan kechirdi
Agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani hududida joylashgan “Peng Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasining paxta dala maydonida bo‘ldi.
Oltmish yetti gektarli yer maydonida tomchilatib sug‘orish orqali 34 gektarida qo‘sh qator hamda qolgan qismida oddiy yakka qator usulida xorijiy paxta navi ekilgan. Shu bilan birga, 3 ming gektar yerda xitoy texnologiyasi asosida mahalliy nav yetishtirilmoqda.

Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov Sardoba tumanida joylashgan “Indorama agro” xorijiy korxonasi paxta dalasida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan ham tanishdi. Ayni vaqtda 608 gektar maydonda g‘o‘zaning xorijiy “Chjun Tai 2” navi parvarishlanmoqda. E’tiborli jihati, bu jarayonlarda xitoylik agronomlar va olimlar ham ishtirok etmoqda.


Xorij mutaxassislari bilan suhbat chog‘ida vegetatsiya davrida alohida nazorat olib borish, ularning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish kabi jihatlar yuzasidan fikr bildirildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.