Mutaxassis: Yog‘ ta’minotida muammo bo‘lmaydi
Mamlakatimizda o‘simlik moyi narxini barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Mahalliy sharoitda xomashyo yetishtirish masalasini ijobiy hal etish ushbu muammoning yechimi sifatida qaralmoqda.
Joriy yilda 400 ming gektardan ziyod maydonga moyli ekinlar ekiladi. Natijada fermer xo‘jaliklari tomonidan 500 ming tonnadan ortiq xomashyo yetishtiriladi. Ushbu xomashyoni qayta ishlash hisobiga qo‘shimcha ravishda 141 ming tonna kungaboqar, soya, masxar, zig‘ir va raps moylari ishlab chiqariladi va ichki bozorga yetkazib beriladi.
Hozirgi kunda qisqa muddat ichida prognozdagi 236 ming 330 gektar asosiy maydonga kungaboqar, soya, raps, kunjut ekish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Ayni paytga qadar respublika bo‘yicha 118 ming 753 gektar maydonga moyli ekinlar urug‘i qadaldi. Bu borada belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 50,2 foizga bajarildi.
– Moyli ekinlar yetishtirish ishlarini boshlaganimizga ham bir necha yil bo‘ldi, — deydi “O‘zyog‘moysanoat“ uyushmasi xomashyo bazasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Yakubov. – Ammo o‘tgan yillar davomida moyli ekinlar yetishtirilgan maydonlarning hajmi 100 ming gektarga ham yetmagan edi. Bu yil esa 20 aprel holatiga ko‘ra, qariyb 120 ming gektar asosiy maydonga moyli ekinlar urug‘i ekildi. Shu kungacha fermer xo‘jaliklari tomonidan qariyb 85 ming gektar maydonga soya, 20 ming gektar maydonga kungaboqar, 14 ming gektar maydonga kunjut va 95 gektar maydonga raps urug‘lari qadaldi. Hosil yetilgach, yog‘ ta’minotida muammo bo‘lmaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining har biri 25 ming gektardan iborat g‘o‘za qator oralariga soya ekilmoqda. Bugunga kelib ushbu viloyatlar bo‘yicha 74 ming gektardan ziyodroq maydondagi g‘o‘za qator oralariga soya urug‘i ekildi.
Joriy yilda qashqadaryolik mirishkorlar g‘o‘za qator orasida kunjut yetishtirishga bel bog‘lagan. Viloyatda shu kungacha 8 ming 576 gektar maydonga kunjut ekilgan bo‘lsa, shuning 8 ming 260 gektarini g‘o‘za qator orasida ekilgan kunjut maydoni tashkil etadi.
Ayni kunlarda moyli ekinlar urug‘ini ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Dalalarga 450-500 ekish seyalkalari olib chiqilmoqda va ularning yordamida bir kunda o‘rtacha 7,5-8 ming gektar yerga moyli ekinlar urug‘i qadalmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, dastlabki hosilni yig‘ishtirib olish ishlariga iyul oyining boshlarida kirishiladi va yangi hosilni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA