Mutasaddilar ko‘magida mushtipar ayolning mushkuli oson bo‘ldi
Hayotning sinovlariga bardosh berish oson emas, ayniqsa, ayollarga. O‘zbekiston tumani Qudash qishlog‘ida yashovchi Feruza Jo‘rayeva taqdir taqozosi bilan turmushidan ajrab, 2 nafar farzandi bilan yolg‘iz qolgan.
Qiyinchiliklar va taqdir zarbalarini yengib o‘tishni maqsad qilgan bu ayol farzandlari kamoli uchun izlanishdan to‘xtamaydi.
“O‘xshamagan” dehqonchiligi sabab biroz qarzga botib uni qoplash uchun musofir yurtga yo‘l oladi. Rossiyada ishlab, sarmoya orttirish, qarzlarni yopishni niyat qilgan Feruza musofirchilikning qiyinchiliklarini boshdan kechirib, ona yurt, farzandlar sog‘inchi ila 4 yilga yaqin deganda Vatanga qaytdi. Ishsiz bo‘lgan bu ayolga oilani tebratish oson bo‘lgani yo‘q.
Tumanda tashkil etilgan ishchi guruhi, 3-sektor shtabi tomonidan oilaning sharoiti o‘rganilib, Feruza Jo‘rayeva “Ayollar daftari”ga kiritildi. Uning orzu va rejalari bilan tanishgan mutasaddilar hayotini o‘nglash, oilasiga daromad manbaini topishi uchun harakat qildi.
AT “Xalq banki” O‘zbekiston filiali ko‘magida kasb-hunarga qayta o‘qitish kurslariga jalb qilingan Feruzaxonga o‘z biznesini boshlash uchun shu bank tomonidan 18 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi.
Matonatli ayol tadbirkorlikning hali ko‘pchilik qo‘l urmagan yo‘nalishi, lekin serdaromad turini qo‘rqmasdan boshladi. Uy sharoitida qo‘ziqorin yetishtirayotgan tadbirkor o‘z ishining dastlabki natijalaridan mamnun. Qo‘ziqorin parvarishidan dastlabki daromad olish boshlandi.

– “Vыshenka” navidan 400 kilogramm urug‘ ekkan edim. Urug‘ining har kilogramidan 10-15 kilogramgacha hosil olinar ekan. Beg‘ubor o‘simlik ekan, mehnati ham uncha qiyin emas. Bir oy o‘tib, birinchi hosilni terdim. Xaridorlari tayyor, viloyat markazidagi savdo do‘konlariga va poytaxtga ham yetkazib beryapman. So‘nggi bir haftaning o‘zida 4 million so‘mlik sotdim. Kuz mavsumigacha yana ancha hosilim bor hali. Narxlar ham shu mavsumdan yana ko‘tarilar ekan. Niyatim katta, sentyabr oyida 1 tonna urug‘ ekib, o‘zim kabi 5-6 nafar ayollarni ishga jalb etish niyatidaman, – deydi Feruza Jo‘rayeva.
Farg‘ona viloyatida “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Feruza singari ko‘plab ayollarning bor imkoniyatlarini ishga solgan holda tadbirkorlik va kasb-hunar sohasida ezgu tashabbuslarga bosh bo‘layotgani oilalarga daromad, farovonlik olib kiryapti. Aslida ko‘zlangan maqsad ham shu.
M. Sulaymonov, O‘zA