Mustaqillik – insonlar hayoti, yoshlar intilishi, tadbirkor tashabbusi, olimlar izlanishi va sportchi g‘alabasida...
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik ayyomi mamlakatimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.
Bu g‘oyaning zamirida shunchaki bayram shiori emas, balki so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotida yuz bergan ulkan o‘zgarishlar, xalqimiz dunyoqarashidagi yangilanish, jamiyatdagi birdamlik va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi mujassam.
Har bir xalq tarixida mustaqillik bir kunlik voqea emas, balki asrab-avaylash, qadrlash va mustahkamlashni taqozo etadigan yuksak qadriyatdir. Unga erishish mashaqqatli yo‘l bo‘lganidek, uning qadriga yetish, mazmun-mohiyatini yanada boyitish va kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazish ham katta mas’uliyatdir.
Shu ma’noda, bu ulug‘ sana — bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, erishilgan natijalarni sarhisob qilish, bugungi kunimizni xolis baholash, oldimizda turgan vazifalarni belgilash uchun muhim imkoniyatdir.
Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida yuz bergan tub burilishlar aholining umid va ishonchini oshirdi, ayni paytda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va imkoniyatlarini ham kengaytirdi. O‘zbekistonga faqat yangi islohotlar yo‘lidan borayotgan davlat sifatida emas, balki o‘z salohiyatiga ishongan, dunyo bilan ochiq muloqot qilayotgan, milliy manfaatlarini zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uyg‘unlashtirayotgan mamlakat sifatida qaralmoqda.
Eng muhimi, bu o‘zgarishlarning mohiyati faqat statistik natijalarda emas. Ularni odamlarning kundalik hayotida, yoshlarning orzu-intilishlarida, mahalladagi munosabatlarda, tadbirkorning tashabbusida, olimning izlanishida, sportchining g‘alabasida ko‘rish mumkin.
E’tiborlisi, bugun O‘zbekistonning yutuqlari butun mintaqa uchun umumiy quvonch manbaiga aylanmoqda. Milliy futbol terma jamoamizning tarixda ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgani, shaxmatchi Javohir Sindorovning Jahon kubogi sohibi va musobaqa tarixidagi eng yosh g‘olibi bo‘lgani hamda boshqa muvaffaqiyatlarimizdan Markaziy Osiyo xalqlari birdek quvondi.
Mintaqada qaror topayotgan ana shunday birdamlik va o‘zaro ishonch muhiti faqat sport maydonlarida emas, davlatlararo munosabatlarda ham o‘z natijasini bermoqda. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda uzoq yillar davomida hal etilmay kelgan qator tarixiy masalalarning o‘zaro kelishuv va manfaatlarni inobatga olish asosida yechim topgani xalqlarimiz o‘rtasidagi birdamlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamladi.
Shu bilan birga, yurtimizning dunyoga ochilishi faqat chegaralar va imkoniyatlarning kengayishi emas, avvalo, o‘zligimizni dunyoga tanitish, turli xalqlar bilan o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash demakdir. Bugun O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, boy tarixi va betakror madaniyati, ilm-fan va ta’lim sohasidagi yutuqlari, bunyodkorlik ruhi hamda xalqimizning ezgu qadriyatlari jahon jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Mana shunday tub o‘zgarishlarning yaqqol namunasini yaqinda Xorazm viloyatida kuzatish mumkin bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan oltinchi ochiq muloqoti islohotlarning mazmun-mohiyati va hayotiy natijalarini yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari uchrashuv davomida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning aniq natijalari haqida to‘xtalib, xalqimizning farovon hayot kechirishi, tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Eng faol va ilg‘or tadbirkorlarning munosib taqdirlangani esa mamlakatimizda tashabbuskor, fidoyi va yangilikka intiluvchan insonlarga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, uchrashuvda inson erkinligi va taraqqiyotining eng asosiy sharti bo‘lgan xotirjamlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, yurtimizda har bir insonning xotirjamligi, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, munosib mehnat qilishi, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berishi, ertangi kuniga ishonch bilan qarashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday yondashuv zamirida insonni davlat siyosatining markaziga qo‘yish, uning qadr-qimmatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam. Zero, mamlakatning eng katta boyligi – uning tabiiy resurslari emas, balki bilimli, bunyodkor, o‘z kuchiga ishongan va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan insonlardir.
Bu ezgu maqsadlar mustaqillikning 35 yilligini keng nishonlash jarayonida ham o‘zining ma’naviy ifodasini topmoqda. Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasidagi ma’rifiy uchrashuvlar va mahallalardagi bayram tadbirlari xalqimizni mushtarak tarix, qadriyat va umumiy kelajak atrofida yanada birlashtirmoqda.
Ayni paytda yurtimiz ichkarisida qaror topayotgan ana shunday birdamlik va xotirjamlik muhiti tashqi siyosatdagi ochiqlik bilan uyg‘un tarzda davom etmoqda. Bugun biz dunyoga ochildik, dunyoning ham bizga nisbatan ishonchi ortmoqda. Endi asosiy vazifamiz – ochilayotgan imkoniyatlarni barqaror taraqqiyotga aylantirish va islohotlar samarasini har bir mahalla, oila va inson hayotida yanada yaqqol his qildirishdir. Chunki islohotlarning haqiqiy kuchi qog‘ozdagi raqamlarda emas, odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi.
Zotan, biz Yangi O‘zbekistonni o‘z kuchiga ishongan, yangicha fikrlaydigan, milliy qadriyatlarni asrab-avaylaydigan va Vatan taqdiriga daxldor xalq bilan barpo etmoqdamiz. Eng katta yutug‘imiz aynan ana shunda.
Sabohat JUMANIYOZOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi xodimi.
O‘zA