Mustaqil sud – investor qalqoni
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda oʻtgan 2019-yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” shiori ostida oʻtdi.
Investorlarning huquq va erkinliklari mustahkam himoyada boʻlgan, ularning qonuniy manfaatlari va qonun ustuvorligi sud tomonidan soʻzsiz taʼminlangan davlatda iqtisodiyot jadal ravishda taraqqiy etadi, bu esa oʻz navbatida milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar oqimini salmoqli darajada oshishiga olib keladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda oʻtgan 2019-yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” shiori ostida oʻtdi. Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Xususan, oʻtgan yil mobaynida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
2019-yil yakuni boʻyicha respublikamiz Jahon bankining “Biznesni yuritish” (Doing Business) reytingida dunyoning 190 ta davlatlari orasida 7 pogʻona koʻtarilib 69-oʻrinni egalladi va biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha 8-oʻrinni egalladi hamda eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan oʻrin oldi.
“Biznesni yuritish” xalqaro reytingida “Shartnomalar ijrosini taʼminlash” indikatori boʻyicha Oʻzbekistonni dunyoning yetakchi 20 ta davlatlari qatoriga kiritishni ham taʼminlash zarur. Bunda mamlakatda odil sudlov tizimi muhim ahamiyat kasb etib, uning sifatliligi darajasi iqtisodiy sohadagi nizolarni koʻrib chiqishda sud jarayonining shaffofligi va ishlarni koʻrib chiqish samaradorligi kabi mezonlar orqali aniqlanadi.
Statistik maʼlumotlarga nazar soladigan boʻlsak, oʻtgan 2019-yil davrida iqtisodiy sudlarda 3 mingdan ortiq chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bogʻliq nizolar hal etilgan. Ushbu iqtisodiy ishlarning deyarli yarmi Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan koʻrib chiqilgan.
Har qanday mamlakatning iqtisodiy rivojlanganligi darajasi albatta ushbu mamlakatda investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarining taʼminlanganlik darajasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Bugungi kunda mamlakatimizda investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlanishiga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish borasida juda salmoqli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni ushbu islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Ushbu qonunning 61-moddasiga muvofiq davlat organlarining investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan yoki cheklaydigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur qonunning 63-moddasiga koʻra chet el investitsiyalari bilan bogʻliq boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorning investitsiya faoliyatini amalga oshirishi chogʻida yuzaga keladigan nizo (investitsiyaviy nizo) muzokaralar oʻtkazish, undan soʻng agar kelishuvga erishilmasa mediatsiya yoʻli bilan hal etilishi koʻrsatilgan. Muzokaralar oʻtkazish va mediatsiya yoʻli bilan tartibga solinmagan investitsiyaviy nizo Oʻzbekiston Respublikasining tegishli sudi tomonidan hal qilinishi kerakligi mustahkamlangan.
Shu bilan birgalikda, mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yana-da yaxshilanishiga va investitsiyaviy nizolarni samarali hal etilishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar mavjud. Jumladan, investitsiyaga oid nizolarni sud tomonidan hal etish boʻyicha amaldagi qonun hujjatlari normalari yetarli darajada rivojlanmagan.
Yaʼni investitsiya faoliyatiga aloqador iqtisodiy, fuqarolik, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar turli xil sudlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Iqtisodiy sohada yuzaga keladigan nizolar iqtisodiy sudlar, fuqarolik, mehnat va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik ishlar boʻyicha sudlar va davlat organlari bilan ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi belgilangan.
Bu esa oʻz navbatida investorlar faoliyatiga oid nizolar boʻyicha qarorlar qabul qilishda turli xil sud amaliyoti shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Shu sababli, investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha davlat tizimini takomillashtirish hamda investorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgan.
Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida taraflardan biri yirik investor boʻlgan investitsiyaga oid nizolarni koʻrib chiquvchi Investitsiyaga oid nizolar boʻyicha sud tarkibini tashkil etish, investitsiyaga oid nizolarni koʻrib chiqish boʻyicha favqulodda vakolatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudiga berilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida koʻriladigan ishlar bundan mustasno, taklif etiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlarning asl mohiyati investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalq farovonligiga erishishdan iborat. Chet eldan investorni jalb etish uchun unga birinchi navbatda, qulay ishbilarmonlik muhiti, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy kafolatlar yaratib berish lozim.
Bu borada koʻplab xorijiy davlatlarda ingliz huquqi yetakchi tizim sifatida keng qoʻllanilib kelinmoqda. Ilgʻor rivojlangan mamlakatlarda investorlar oʻzi bilgan ingliz huquqi tizimida ish olib borishni afzal koʻrishadi. Ingliz huquqi bir necha davlatlar huquq tizimining eng afzal jihatlarini oʻzida jamlagan huquq majmuasi boʻlib, qoʻshma korxonalar tuzish, investitsiya kiritishda undan koʻp foydalaniladi. Egiluvchanlik, shaffoflik, bashorat qila olish va, eng muhimi, tezlik bu tizimning afzal jihatlari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda ingliz huquqini joriy etish uchun dastlabki qadam sifatida xizmat qiladi. Ushbu farmon bilan Adliya vazirligiga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida ingliz standartlari, tamoyillari va normalari asosida alohida huquqiy rejim oʻrnatish boʻyicha takliflar kiritish vazifasi topshirilgan.
Xitoy, Qozogʻiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va boshqa koʻplab mamlakatlarda ingliz huquqidan foydalanish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, yaqin qoʻshni davlat Qozogʻistonda ham ichki investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ingliz huquqi tizimidan “Astana” xalqaro moliya markazi hududida samarali qoʻllanilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 13-moddasi beshinchi qismiga asosan sud Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq chet davlatlarning huquq normalarini qoʻllaydi. Kodeksning 14-moddasi birinchi qismida chet davlat huquqi normalarini qoʻllashda sud ushbu normalarning mazmunini ularning tegishli chet davlatda sharhlanishiga va amalda qoʻllanilishiga muvofiq holda aniqlashi belgilangan.
Demak bundan koʻrinib turibdiki, respublikamizda chet davlati huquq normalarini amaliyotga joriy etish uchun milliy qonun hujjatlarimizda yetarli asos mavjud boʻlib, chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bilan bogʻliq nizolarni hal etishda sud amaliyotini yana-da takomillashtirishni zamon talab etadi.
Mamlakatimizning xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 2-avgustdagi PQ-3895-son qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat asosida respublikamizning yirik shaharlarida chet el sarmoyalari ishtirokida ishbilarmonlik markazlari barpo qilinmoqda.
Xorijiy davlatlarning oʻz hududida ingliz huquqi tizimini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganib, ushbu tizimni Oʻzbekiston hududida, avvalambor erkin iqtisodiy zonalar va yirik shaharlar ichidagi zamonaviy ishbilarmonlik markazlari hududlarida joriy etish, shuningdek ularning rezidentlari ishtirokidagi iqtisodiy tusdagi nizolarni hal etish uchun chet davlat huquqi normalarini qoʻllovchi investitsiyaga oid nizolar boʻyicha sudlar tashkil etish taklif etiladi.
Huquqiy tajriba sifatida birinchi navbatda “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida investitsiyaga oid nizolarni koʻrib chiquvchi ixtisoslashtirilgan sudni tashkil etish hamda mazkur hudud ishtirokchilari tomonidan tuziladigan har qanday bitimdan kelib chiqadigan nizolarni ingliz huquqini normalari asosida hal etish imkoniyatini qonun hujjatlari orqali mustahkamlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlash, sudlarni investorlar huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli va mustahkam himoya qiladigan, iqtisodiy sohadagi oʻzgarishlarning muhim vositasi boʻlgan institutga aylantirish yoʻlidagi keng qamrovli islohotlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Buning natijasida mamlakatimizda investorlar, shu jumladan, chet ellik investorlar huquq va manfaatlarini ishonchli himoyasini taʼminlash, ularning sud hokimiyatiga ishonchini oshirish, bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonda yana-da jozibador investitsiyaviy muhit yaratishga va “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida davlatimiz nufuzini tubdan oshirishga turtki boʻlib xizmat qiladi.
M.Muhitdinov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi