Musobaqalar qizg‘in o‘tdi
Guliston tumanida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jamoalar o‘rtasida do‘stona raqobat muhitini mustahkamlash hamda ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida “Hokim kubogi” sport musobaqalari yuqori uyushqoqlikda tashkil etildi.
O‘tgan dam olish kuni erta tongdan tuman markazi sport ishtiyoqmandlari bilan gavjum bo‘ldi. Tuman tashkilot va korxonalari xodimlaridan iborat jamoalar mini futbol, voleybol, shaxmat-shashka hamda stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha o‘z imkoniyat va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bellashuvlar butun musobaqa davomida keskin, ayni vaqtda sog‘lom raqobat ruhida kechdi.

Ayniqsa, mini futbol bahslari tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Har bir gol uchun kurash, har bir himoya harakati musobaqaga alohida jon bag‘ishladi. Yakunda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi ishonchli o‘yin namoyish etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Kadastr palatasi jamoasiga, 3-o‘rin esa Yoshlar ishlari bo‘limi jamoasiga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi voleybol musobaqalari ham keskin ruhda o‘tdi. Tezkor kombinatsiyalar va jamoaviy o‘yin ustunligi bilan tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tuman hokimligi jamoasi ikkinchi, tuman sport maktabi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Shaxmat, shashka va stol tennisi yo‘nalishlarida esa aql va mahorat uyg‘unligi namoyon bo‘ldi. Qat’iy diqqat va tez qaror qabul qilish talab etilgan bahslarda eng kuchli ishtirokchilar aniqlanib, munosib ravishda taqdirlandi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tuman hokimi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Eng muhimi, Guliston tumanida xodimlarning dam olishini, madaniy-ma’naviy hordig‘ini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan “Hokim kubogi” nafaqat sport bellashuvi, balki jamoalar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ommaviy sportni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim tadbir sifatida qayd etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri