Mushtarak maqsadlar yoʻlida dadil qadamlar
Markaziy Osiyo...Tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar beshigi.
Markaziy Osiyo...Tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar beshigi.
Turli davrlar va turli saltanatlar, davlatchilik zamonlarida bunyodkorlik fazilatlari, zakovati, bagʻrikengligi bilan oʻzaro doʻstona rishtalarni eʼzozu aziz tutib, buyuk tamaddunni yaratgan, boshidan ne-ne sinovlarni oʻtkazgan ellar bugun oʻz istiqloli tufayli yangi marralarni egallamoqda. Xususan, soʻnggi uch yil mobaynida mintaqa xalqlari ajdodlar ruhini shod etib, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yangi pogʻonaga koʻtarib, tinchlik va birdamlik sari dadil qadamlar tashlamoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-noyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada taʼkidlab oʻtganidek, “Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi... Amaliy hamkorlikka tayyorlik va unga astoydil intilish, shuningdek, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajak uchun masʼuliyatni his etishi mintaqaning barqaror rivojlanishi va farovonligining mustahkam poydevori va kafolatidir”. Aynan mana shu omil Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlarining hayotimizning turli sohalaridagi munosabatlari tobora mustahkamlashib borayotganiga izchil xizmat qilib kelmoqda.
Buyuk haqiqat
Oʻzbek va tojik xalqlari asrlar davomida qondosh va jondosh, quda-anda boʻlib yashab kelganlari, koʻrinishi oʻxshashligidan tashqari, maʼnaviy olami, adabiyoti, musiqasi, turmush tarzi bir-biri bilan qorishib ketganligi aslida tarixda noyob, unikal hodisadir. Shoirlar bejizdan ularni bir dutorning ikki tori, bir daraxtning ikki shoxiga, bir daryoning ikki sohiliga oʻxshatib tarannum etmaganlar. Ular murakkab tarixiy jarayonlarda bir-biriga tayanib, talpinib, yelkadosh boʻlib yashab kelgan. Bu borada real hayotimizdan, boy oʻtmishimizdan talaygina misollar keltirish mumkin.
Ha, tarixni xalqlar, omma yaratadi. Elning buyuk toʻlqin, kuch-qudrat ekanligiga hech shubha yoʻq. Lekin ellarni qardoshlik va birlikka hidoyat etuvchi, yaratuvchanlikka chorlovchi ularning rahnamolari, yurtboshilari boʻladilar. Buni ikki mamlakat—Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlari Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonlarning doʻstona munosabatlari, ikki qoʻshni va azal-azaldan xeshu aqrabo boʻlib kelgan xalqlarning qalblaridagi buyuk kuch – doʻstlik his-tuygʻularini ifoda etuvchi rishtalarni yangi zamonga mos ravishda mustahkamlash yoʻlidagi sayʼ-harakatlar, jasoratlarida yaqqol koʻrish mumkin.
2018-yilning fayzbaxsh bahor-yozi
2018-yil bahori ikki mamlakat xalqlari uchun oʻta fayzli va farahbaxsh keldi. Ona tabiat oʻz moʻjizasini, yaratuvchanlik, xususiyatlari va jazibasini toʻliq namoyish etgan chogʻda – 9-mart kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga davlat tashrifi bilan keldi. Bu voqea ikki mamlakat tarixida albatta zarhal harflar bilan yozilajak. Zero ushbu tashrif davlatlarimiz, xalqlarimiz munosabatlari tarixida yangi sahifalar ochdi. Bu kun Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri va mamlakat boʻylab “Xush omaded! Xush kelibsiz, Shavkat Mirziyoyev!” soʻzlari har bir tojikistonlik tilidan samimiy yangradi, bu onlar elga haqqoniy quvonch bagʻishladi, ezgulikdan darak berdi.
Mamlakatimiz Prezidentining bu davlatga qilgan tashrifi asnosidagi chinakam doʻstona muloqotlar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi keng qamrovli hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan 27 ta hujjatning imzolanishi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga chiqardi. Prezident Emomali Rahmon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalarni kengaytirish borasidagi tashabbuslari va amaliy sayʼ-harakatlarini yuqori baholadi va ushbu tashrif haqiqatan ham tarixiy xarakter kasb etganini alohida qayd etdi.
Ha, dono va oqil rahbarlar ellarni bir-biri mustahkam bogʻlaydi, tinchlik va hamkorlikni mustahkamlaydi, shu tariqa ajdodlar anʼanasini davom ettirib, ularning ruhlarini shod etadi.
Tojikiston tarixidagi oʻta murakkab davr mustaqillikning ilk yillariga toʻgʻri keldi. Bu zaminda qurolli toʻqnashuvlarga xotima berish va tinchlikka erishish oson boʻlmagan. Mamlakatimiz Prezidenti ham shaxsan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning oʻz diyorida tinchlik va barqarorlik yoʻlidagi jasorati, xizmatlarini yuksak baholadi. “Buni, deydi Shavkat Mirziyoyev, butun dunyo jamoatchiligi eʼtirof etadi”.
Ikki mamlakat rahbarlari tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonot shak-shubhasiz ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstlik aloqalarni yangi pogʻonaga koʻtardi va bu aloqalar bugungi kunda oʻz amaliy samarasini bermoqda. Tashrif doirasida Amuzang stansiyasida Oʻzbekistonni Tojikistonning janubi bilan bogʻlovchi temir yoʻli ochildi. Undan oldin ikki mamlakat oʻrtasida aviaqatnovlar qayta tiklangan edi. Muzokaralar asnosida ikki mamlakat tadbirkorlari, hududlararo hamkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi meʼyoriy-huquqiy kelishuvlar imzolandi, suv-energetika muammolarini birgalikda hal etish borasida kelishib olindi. Ikki davlat rahbarlari mamnuniyat bilan qayd etganidek, ikki tomonlamaa munosabatlarda hal boʻlmagan masala qolmadi.
“Biz oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasida doʻstlik koʻprigini mustahkamlash boʻyicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor boʻlib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshooloh.
Biz doʻstlik va insoniylik nuqtayi nazaridan qoʻshnilarimiz bilan, avvalo, qardosh Tojikiston bilan hamisha doʻst va birodar, hamkor va hamjihat boʻlamiz”, dedi davlatimiz rahbari. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 2018-yil 17-18-avgust kunlari Toshkentga qilgan davlati tashrifi chogʻida konstruktiv ruhda oʻtgan muloqotu muzokaralar, imzolangan hujjatlar ham ikki qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar tarixida ahamiyatga molik voqea boʻldi. Aynan ikki davlat xohish-irodalari, ishonchli va doʻstona munosabatlari ikki xalqni taraqqiyot va kelajak sari yana-da jipslashtirdi.
Bu yoʻldagi sayʼ-harakatlar eng muhimi koʻpmillatli xalqlarimiz hayotiy manfaatlarini toʻliq ifoda etadi. Xususan, Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma bu munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishi ayni haqiqat. Yoki Tojikiston hududida, Zarafshon daryosida Oʻzbekiston ulushi bilan gidroelektrostansiyalar qurilishiga oid kelishuv ham yaqin ikki xalqni mamnun etdi. Bu ham tarixiy ahamiyatga ega hujjatdir. Tojikiston Prezidenti esa oʻz nutqida mintaqa aholisini tashvishga solib kelinayotgan suv muammosi haqida toʻxtalib, Tojikistondagi suv zaxiralari ikki respublika uchun yetarli ekanligini, xususan, ushbu mamlakatda joylashgan Sarez koʻli suv resurslarini birgalikda oʻzlashtirish muhimligini taʼkidladi.
Shu tariqa, Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga davlat tashrifi asnosida hamkorlikni yana-da rivojlantirishning, unga uzoq muddatli va keng koʻlamli tus berishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Toshkentning “Forumlar saroyi” da boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Prezidenti farmoniga binoan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilik, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, oʻzbek va tojik birodar xalqlarining iqtisodiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqamizda tinchlik va barqarorlik borasidagi koʻrsatgan xizmatlari va tashabbuslari uchun Vatanimizning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. E. Rahmon oʻz navbatida Oʻzbekiston rahbarining mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, mintaqadagi barqarorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari va amaliy qadamlarini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi va tojik xalqining oʻzbek xalqiga boʻlgan cheksiz hurmat-ehtiromini bildirdi, Mavlono Jomiy va Mir Alisher Navoiylar kabi buyuk ajdodlarimiz poydevorini qoʻygan bu doʻstlik aloqalari yangi zamonda yangicha mazmun kasb etib, abadiy boʻlib qolishini alohida qayd etdi.
Doʻstlik daraxtining totli mevalari
Hayotda insonlarning doʻstlar, qarindoshlari diydoriga musharraf boʻlishdan katta baxt boʻlmasa kerak. Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlari Prezidentlarining insonparvarlik siyosati tufayli ikki mamlakat qardosh oʻzbek va tojik xalqlari uchun ochildi, buning uchun barcha sharoitga ega boʻlgan 18 ta chegara posti tashkil etildi. Agar 2020-yilining mart oyi oʻrtalaridan boshlab koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar fuqarolar uchun yopilganini hisobga olmasak, vizaning bekor qilinishi xalqlarimizga oxirgi chorak asrdan keyin bagʻoyat quvonchli voqea boʻldi. Chegara postlaridan u yoki bu tomonga oʻtgan minglab yoshu qari insonlar ikki davlat rahbarlari haqiga duoga qoʻl ochardi.
Bugun dunyo ahli boshiga kelgan koronavirus balosi albatta bizning aloqalarimizga, xususan, gumanitar munosabatlarimizga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi. Lekin suv-energetika, savdo, kommunikatsiya, sogʻliqni saqlash, sport kabi sohalardagi samarali hamkorlik aloqalarimiz biror kun ham toʻxtagan emas.
Shuningdek, joriy yil 9-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan koronavirus tarqalishining oldini olishda koʻmaklashish maqsadida qoʻshni va birodar Tojikiston xalqiga insonparvarlik yordami yuborildi. Tojikiston rasmiy doiralari, turli kasb egalari doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka sodiq boʻlgan Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga oʻz minnatdorligini va yuborilgan insonparvarlik, ayniqsa, tibbiyot sohasida asqatishini alohida bayon etdi.
Tojikiston hukumati esa, Sardobada texnogen hodisasi tufayli zarar koʻrganlardan yordamini darigʻ tutmadi, koʻp miqdorga qurilish materiallari joʻnatdi. Oʻnga yaqin oʻzbek shifokorlari ham tojik kasbdoshlariga yordam koʻrsatish maqsadida bir necha kun Tojikistonda boʻlishdi, ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi. Yaʼni, biz qondoshu qardosh xalqlar gʻamu tashvish boshimizga tushsa ham hamisha yelkadoshmiz.
Ikki tomonlama intergatsiyalashuv jarayonida adabiyot va sanʼat vakillarining oʻrni alohida ekanligini yaxshi bilamiz. Atoqli adib Mirzo Tursunzoda oʻtgan asrning yigirmanchi yillari Toshkentda tahsil olgan. Bu sharif inson oʻzbek tilini yaxshi bilardi, oʻzbek xalqiga hurmati boʻlakcha edi. Oʻtgan yili bahorda Toshkentda adib tavalludining 108-yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ajoyib tadbir tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etgan Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim bunday tadbirlar ustozlar ruhini shod etayotganligini taʼkidladi.
–Biz 2018-yili “Sadoyi Sharq” jurnalining 6-sonini oʻzbek adabiyotiga bagʻishladik, – deydi Nizom Qosim. – Bundan oldinroq “Jahon adabiyoti”ning aprel oyi sonidan tojik adabiyoti namunalari oʻrin olgan edi. Ha, oramizdagi baland devorlar quladi, qalblarimizga yoʻl topdik, adabiyot doʻstlik koʻprigiga aylandi. Joriy yilning mart oyida biz Dushanbe shahrida atoqli oʻzbek shoiri Erkin Vohidovning hayoti va adabiy merosiga bagʻishlab tadbirlar oʻtkazdik. Bu tadbirda oʻzbekistonlik adiblar qadrli mehmon boʻlib ishtirok etdi. Biz ajdodlarimizning goʻzal uslubi – zullisonaynlik anʼanasini tiklashimiz lozim. Tojikistonlik oʻzbekzabon shoirimiz rahmatli Oʻlmas Jamolning “Tojikiston oʻgʻlidurman, oʻzbegim gufto pisar” matlasi bilan boshlanadigan gʻazalni eslaylik-a!
Bugungi kunlarda Tojikiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligini tinchlik va barqarorlik, qoʻshni davlatlar, jumladan Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalar muhitida nishonlamoqda. Koronavirus ofati ham oʻtkinchi, insholloh. Ikki xalq, ikki davlat doʻstlik va hamkorlik daraxtlari yana-da totli mevalar berishiga ishonamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasida mintaqamizdagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda doʻstona munosabatlar, hamkorlik aloqalarni yangi pogʻona koʻtarish xususida gapirib, jumladan, shunday dedi: “Biz Oʻzbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng koʻlamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat yoʻlini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻp qirrali sheriklikni yana-da kuchaytiramiz”.