“Mushoira” ijodiy tanlovi o‘tkazildi
Sirdaryoda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Mushoira” ijodiy tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 nafar o‘g‘il-qiz tanlovning viloyat bosqichida 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashib, o‘zlarining bilim va iqtidorlarini namoyish etdi.
–Bundan ko‘zlangan maqsad bugungi kun yoshlarining she’rxonlik, g‘azalxonlik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida ma’naviy- ma’rifiy ishlarni jonlantirish, yoshlarni “Ommaviy madaniyat”ning zararli ta’sirlaridan muhofaza qilish kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishdir, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Noriniso Qosimova.– O‘ylaymanki, o‘tkazilgan tanlov orqali bu maqsadga erishdik. Chunki ishtirokchilarimiz o‘ta ziyrak, aqlli, ilmli, eng asosiysi, yangiliklarga, o‘zgarishlarga befarq emas. Ana shu jihatlari, xislatlari bilan ular nafaqat menda, tanlov hay’ati a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Tanlov shartlariga ko‘ra, 3-o‘rinni Javohir Keldiyorov, 2-o‘rinni Zanjiloy Abdusalomova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1-o‘ringa Xovos tumanining Qayirma mahallasidan Zulayho Mingboyeva munosib ko‘rildi.
Birinchi o‘rin sohibi 6 million so‘m, ikkinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 4 million so‘m, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan qatnashchi 3 million so‘m pul mukofotlari va diplomlar bilan taqdirlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri