Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Hududiy boshqarma boshlig‘i Anvar Muhammadiyev ta’kidlashicha hisobot davrida yuridik va jismoniy shaxslardan jami 883 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 828 tasi ijobiy hal qilingan, 4 tasiga ko‘rsatma berilgan, 2 tasi yuzasidan sudlarga da’vo arizasi kiritilgan va 49 tasi vakolatli organlarga yuborilgan.
– Tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan belgilangan narxlarni oshirish hisobiga “Navoiy HETK” AJdan 730 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 336,6 million so‘m, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialidan esa 7 ta tadbikorlik sub’ektlari foydasiga 117,2 million so‘m, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJdan jami 68,8 milliard so‘m ortiqcha olingan daromad aniqlanib, maxsus komissiya qarori bilan to‘liq davlat byudjetiga undirildi, – dedi A.Muhammadiyev. – Shuningdek, “Navoiysuvta’minot” MCHJ, “Elkimyo-suvta’minot” MCHJ, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Issiqlik manbai” DUK, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy xalqaro aeroporti” MCHJlarning issiqlik energiyasi, suv ta’minoti va oqova suv xizmatiga tayyorlangan narx hisob-kitoblari o‘rganib chiqildi. Hududiy boshqarma tomonidan 2021 yilda 5 ta holatda xo‘jalik yurutuvchi sub’ektlar tomonidan tasdiqlangan grafiklarga asosan mahsulotlar kunlik birja savdolariga qo‘yilmaganligi aniqlandi.
Natijada “Navoiydonmahsulotlari” AJ va “Qiziltepa un zavodi” AJdan 17,1 million so‘m asossiz daromad Qo‘mita huzuridagi byudjetdan tashqari jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazildi. Shuningdek “Forever Servic” MCHJ, “Baxttekstil” MCHJ va “Navbahortekstil” MCHJlar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzganligi oqibatida ularga nisbatan ish qo‘zg‘atildi hamda qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
– O‘tgan davr hisoblariga ko‘ra 205 tadan ortiq tanlov (tender) savdolarida o‘rganishlar o‘tkazilgan, shundan 132 tasida 187,7 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi, – dedi A.Muhammadiyev. – Natijada 35 ta holatda ish qo‘zg‘atildi va aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, olib borilgan monitoringlar jarayonida buyurtmachi bilan ishtirokchi o‘rtasida 10 ta holatda affillanganlik aniqlanib, o‘rganish ma’lumotlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etildi. Mazkur aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 26 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda tegishli sud organlariga yuborildi.
Matbuot anjumanida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, mahalliy hokimiyat organlari qarorlarini raqobat muhitiga ta’sirini baholash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Jumladan, hududiy boshqarma tomonidan 2021 yilda regulation.gov.uz portaliga joylashtirilayotgan “ex-ante” usulida tuman-shahar hokimlarining jami 72 ta qaror loyihasiga xulosalar berilib, shundan 7 ta qaror loyihasi maqsadga muvofiq emas, deb topildi. Bundan tashqari tasdiqlangan grafiklarga asosan, shahar-tumanlar hokimliklari va davlat boshqaruv organlarida jami 54 518 ta hujjatlar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, 76 ta holatda “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 12-moddasi talablari buzilgan, deb topilgan.
– Iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida ular foydasiga qariyib 2 milliard 137 million so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berildi, – deydi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Nizomiddin Isayev. – Shuningdek, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi va “Reklama to‘g‘risida” gi qonun talablarini buzgan 31 ta xo‘jalik sub’ektlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishi holatlarini tugatish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning tanlov (tender) savdolarida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan tashkilotlarni ochiqlash, qurilishlar jarayonida iste’molchilarning huquqini himoyalash, ichimlik suvi holati to‘g‘risida berilgan savollariga mutasaddilar tomonidan javoblar qaytarildi. Ma’lum bo‘lishicha, hisob-kitob davrida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ, Xalq ta’limi boshqarmasi va mahalliy hokimliklar tomonidan tanlov (tender) savdolarida eng ko‘p qonunbuzilishlar sodir etilgan.
[gallery-6490]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA