Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Andijon tumani Rohat mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ishtirok etgan sayyor qabulda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, ehtiyojmand, qiyin sharoitlarda yashayotgan, ichki ishlar organlari profilaktika hisobida turuvchi, qamoqxonalardan qaytgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-9208]
Qabul davomida 46 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. Ularning aksariyatini O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilish va ID karta rasmiylashtirish, probatsiya xizmati hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etish, shu bilan birga, bir martalik moddiy yordam puli olish, ishga joylashish, davolanish uchun moddiy yordam yoki order, nogironlik aravachasi ajratilishi hamda tikuv mashinasi olishda amaliy yordam ko‘rsatilishi singari masalalar tashkil etdi.
Fuqarolardan qabul qilingan murojaatlarning 36 tasi joyida ijobiy hal etildi. Xususan, 4 nafar probatsiya xizmati hisobida turgan shaxsning jazodan muddatidan oldin ozod qilish masalasidagi murojaati ko‘rib chiqilib, tegishli sudlarga taqdimnomalar yuborildi, 5 nafar fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi ID kartalar rasmiylashtirib berildi, 1 nafar fuqaroga tikuv mashinasi, 2 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga nogironlar aravachasi topshirildi, 17 nafar fuqaroga tegishli tartib asosida bir martalik moddiy yordam puli berildi.
Hal etilishi o‘rganishni va ma’lum muddatni talab etadigan 10 ta murojaat ko‘rib chiqish uchun mutasaddi tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi. Sayyor qabul doirasida aholining huquqiy bilim va tushunchalarini, huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha suhbatlar ham o‘tkazildi.
Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan aholi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan bu kabi sayyor qabullar boshqa tumanlarda ham reja asosida o‘tkaziladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA