Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal bo‘ldi
bugungi kunda xalq bilan uchrashish, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholini qiynayotgan muammolarni hal etish, roziligini ta’minlash barcha darajadagi rahbarlarning birinchi galdagi vazifasiga aylandi. Zero, bu Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “inson qadri uchun” tamoyili ostidagi islohotlarning bosh maqsadidir.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, aholining byuro organlari faoliyati bilan bog‘liq muammolarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha Andijon shahri aholisi uchun tashkil etilgan sayyor qabul ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Sayyor qabulda Byuroning Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i J. Qo‘chkarov tomonidan berilmayotgan ish haqini undirish, qarzdorlik uchun qo‘yilgan cheklovlarni yechish, kredit qarzi hamda ma’muriy jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 38 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. Murojaatlarning asosiy qismini aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro hujjatlari tashkil etdi.

Qabul davomida murojaat qilgan 17 nafar aliment oluvchiga jami 15 million 357 ming so‘m aliment pullari undirilib, plastik kartalariga o‘tkazib berildi. Shuningdek, 31 million so‘mdan ortiq oylik ish haqini o‘z vaqtida ololmagan fuqaro D.P.ga o‘zi faoliyat yuritgan mas’uliyati cheklangan jamiyatdan 15 million so‘m ish haqi undirib berildi. Bundan tashqari, ma’muriy jarima pullarini to‘lagan fuqarolarning avtomashinasiga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi.
Qabulda aksariyat murojaatlar ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish yoki bajarish ma’lum muddat talab etiladigan masalalar ijrosini ta’minlash nazoratga olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA