Murojaatlar e’tiborsiz qolmasligi kerak
Imkoniyati cheklanganlarga e’tibor qilish, mehr ko‘rsatish azaliy an’analardan.
Yuzma-yuz muloqot
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq qabulxonasi, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi hamkorligida Toshkent tumanidagi Nurhayot, Sohibkor, Majnuntol, Xiyobon, Zargar va Iqbol mahallalarida “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiev, Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari T.Jo‘raev va tuman mahallalar kengashi boshqaruvi raisi I.Saidkarimov va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Isoqovlar tomonidan 24 nafar fuqaro qabul qilinib, 13 nafarining muammosi joyida hal etildi. 11 nafar fuqaroning murojaati bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Imkoniyati cheklanganlarga e’tibor qilish, mehr ko‘rsatish azaliy an’analardan. Ana shunday imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz nogironlik aravachalari va boshqa reabilitatsiya tibbiy vositalari bilan ta’minlandi.
Tuman mahallalar kengashi va bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada murojaat qilgan 72 nafar fuqarodan 28 nafariga tanlagan ish joylari bo‘yicha ishga joylashishga yo‘llanmalar berildi.
Kommunal xizmat ko‘rsatish, soliq va majburiy ijro bo‘limlari xodimlari tomonidan aholining to‘lov madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borilib, sayyor kassa orqali aholidan soliq, gaz, elektr qarzdorligi va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar qabul qilindi.
Nurhayot mahallasida Davlat investitsiya dasturi asosida 1 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga mukammal ta’mirdan chiqarilib, shu kuni foydalanishga topshirilgan 22-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limining 7 xil tor mutaxassislikdagi shifokorlari tomonidan keksalar, kam ta’minlangan oilalar vakillari, boquvchisini yo‘qotgan va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasining malakali shifokorlari zamonaviy oftalmoskop apparati o‘rnatilgan ko‘chma avtobus orqali ko‘z muammosi bilan murojaat qilgan fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazib, davolanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
– Xayriya tadbiri davomida dispanser nazoratidagi va tibbiy ko‘rikka jalb etilgan fuqarolarga aniqlangan kasalliklar bo‘yicha “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan 23 turdagi dori-darmon va gigienik vositalar bepul taqdim etildi, – deydi Toshkent tumani mahallalar kengashi boshqaruvi raisi Ibrohim Saidkarimov. – Shuningdek, harakatlanish imkoniyati cheklangan 8 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan o‘z uyida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Mazkur loyiha doirasida Toshkent tumani 4-umumta’lim maktabida Respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari va Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari hamda mas’ul kotiblari uchun o‘quv-seminar uyushtirildi.
Unda tez orada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tishi, fuqarolar o‘z haq-huquqlaridan to‘la foydalangan holda burchini ado etishi, befarq bo‘lmasligi kerakligi qayd etildi. Yangi Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovlar jarayonida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadigan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining huquq va majburiyatlari keng tushuntirildi.
Joylarda aholini qiynab kelayotgan turli darajadagi muammolarga mas’ullar tomonidan beparvolik bilan munosabatda bo‘lish, fuqarolarni qabul qilmaslik, mensimaslik holatlari mavjudligi haqida gapirilib, aholi murojaatlari bilan ishlashda mas’uliyat bilan yondashish, arizalarni qanoatlantirishning barcha choralarini ko‘rish kerakligi qayd etildi.
Tadbir doirasida 4-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga “Keksalar ma’rifati” soati o‘tkazildi. Ochiq dars o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Maktab jamoasiga noutbuk sovg‘a qilindi. Yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan 5 tashabbus doirasida tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida musobaqalar tashkil etildi.
“Iqbol” fuqarolar yig‘inida “Ko‘ring, havas qiling, ibrat oling!” shiori ostida “Qirq yilning qadri” mavzusida 40 yil va undan ortiq muddatda birgalikda baxtli yashab kelayotgan nuroniy juftliklar bilan yoshlarning uchrashuvi bo‘ldi..
Ayni yo‘nalishdagi tadbirlar Piskent tumani mahallalarida ham o‘tkaziladi.