Murojaat ortida — inson taqdiri
Insonning bir og‘iz murojaati ortida ba’zan bir oilaning xotirjamligi, bir xonadonning fayz-tarovati, kundalik turmushining osoyishtaligi mujassam bo‘ladi. Shu bois bugun aholi murojaatlarini qabul qilish, ularda ko‘tarilgan masalalarni eshitishning o‘zi emas, balki har bir murojaat zamiridagi muammoni chuqur anglash va uni amaliy hal etish muhim mezonga aylanmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning dardini eshitish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tamoyillarining hayotimizga izchil tatbiq etilayotgani ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, aholi uchun eng muhim kommunal xizmatlardan biri bo‘lgan tabiiy gaz ta’minoti sohasida murojaatlar bilan ishlash samaradorligi odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki gaz quvuri, bosim, hisoblagich yoki ta’minot bilan bog‘liq masala oddiy raqam emas — uning ortida muayyan xonadon, oila va inson bor.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar raqamlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bugunga qadar filialga aholi va iste’molchilardan jami 3338 ta murojaat kelib tushgan. E’tiborlisi, ularning har biri belgilangan tartibda nazoratga olingan. Murojaatlarning 655 tasi yozma, 1336 tasi og‘zaki tarzda qabul qilingan. Shuningdek, 583 ta murojaat “Ishonch” telefoni, 764 tasi Virtual qabulxona orqali kelib tushgan.
Bu raqamlarga tahliliy nuqtai nazardan qaralsa, aholi bilan muloqotning turli shakllari yo‘lga qo‘yilgani ko‘rinadi. Ya’ni fuqaro muammosini qaysi shaklda bildirishidan qat’i nazar, uning murojaati e’tiborsiz qolmayapti.


Eng muhimi, murojaatlar qog‘ozda qolib ketmayapti. Ularda ko‘tarilgan masalalar soha xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Bunga G‘ijduvon tumanidagi “Saidkent” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Mohira Navro‘zovaning murojaati misol bo‘la oladi. Fuqaro o‘z xonadonidan o‘tgan gaz quvurini tashqi qismga chiqarish va rekonstruksiya qilish masalasida og‘zaki murojaat qildi. Masala mutasaddi xodimlar tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilib, zarur chora ko‘rildi. Natijada xonadondagi gaz quvuri uyning tashqi qismidan rekonstruksiya qilinib, fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
— Gaz ta’minoti korxonasiga qilgan murojaatim ijobiy hal etildi. Xodimlar kelib, masalani joyida o‘rganishdi. Gaz quvurini uyimning tashqi qismidan rekonstruksiya qilib berishdi, — deydi Mohira Navro‘zova. Bir qarashda bu oddiy bir xizmat ko‘rsatishdek tuyulishi mumkin. Ammo masalaning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlansa, bu yerda eng muhim jihat — fuqaroning murojaati eshitilgani va uning muammosi amaliy yechim topganidir. Zero, xalq bilan muloqotning haqiqiy natijasi ham aynan shunda — murojaatdan keyin inson hayotida ijobiy o‘zgarish yuz berishi kerak.
Filial bo‘lim boshlig‘i Husen Baqoyevning ta’kidlashicha, kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi ijobiy hal etilgan.
— Filial tomonidan 2948 ta murojaat ijobiy hal etilgan. 297 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga tushuntirish berildi. 93 ta murojaat esa ayni paytda qo‘shimcha vaqt talab qilgani sababli soha xodimlari tomonidan o‘rganilib, hal etilish jarayonida turibdi, — deydi u. Bu raqamlardan muhim bir xulosa kelib chiqadi: murojaatlar bilan ishlashda asosiy e’tibor “qancha murojaat keldi?” degan savolga emas, balki “ularning qanchasi hal etildi?” degan mezonga qaratilayotir. 3338 ta murojaatdan 2948 tasining ijobiy hal etilgani bu borada muayyan natija borligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 297 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgani, 93 tasi esa o‘rganish va amaliy yechim bosqichida ekani murojaatlar bilan ishlash bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz jarayon ekanini anglatadi. Filialga kelib tushgan murojaatlarning barchasi nazoratga olinayotgani esa tizimda mas’uliyat va hisobdorlik tamoyillari kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Bunda 104 — avariya-dispetcherlik xizmati, shuningdek, 1104 — koll-markazining o‘rni ham alohida. Fuqaro muammosi bilan murojaat qilganida, uning masalasi qaysi kanal orqali yetkazilganidan qat’i nazar, tegishli xizmatlar tomonidan o‘rganilib, imkoni boricha tezkor yechim topishga harakat qilinmoqda. Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlash faqat muammoni bartaraf etish bilan cheklanmayapti. Iste’molchilarga gaz ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar, yangiliklar, amaldagi tartib-qoidalar va xizmatlar haqida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Bu esa aholi va gaz ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aslida, har qanday tashkilot faoliyatiga baho berishda uning qancha ish qilganidan ko‘ra, aholi muammosiga qanchalik yaqin ekani muhim.


Chunki fuqaro murojaat qilganda, u avvalo o‘zini eshitadigan, muammosini tushunadigan va uni hal qilishga harakat qiladigan mas’ul idorani izlaydi. Murojaatning o‘z vaqtida qabul qilinishi, joyiga chiqib o‘rganilishi va natijasi haqida fuqaroga ma’lumot berilishi esa davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotimizda tobora chuqur qaror topayotgani ham ana shunday amaliy ishlar orqali namoyon bo‘lmoqda.
2948 ta ijobiy hal etilgan murojaat — shunchaki statistika emas. Bu raqam ortida xotirjam bo‘lgan xonadonlar, muammosiga yechim topilgan fuqarolar va eng muhimi, davlat idorasiga bildirilgan ishonch turibdi. Shu ma’noda, “Hududgaz Buxoro” filialida murojaatlar bilan ishlash tajribasi yana bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: inson murojaat qilgan joyda davlatning e’tibori, mas’uliyati va mehri namoyon bo‘lishi kerak. Chunki xalq bilan muloqot raqamlardan boshlanishi mumkin, ammo uning haqiqiy natijasi insonning “muammom hal bo‘ldi” degan roziligi bilan o‘lchanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri