Murod Rajabov kasbini o‘zgartirdimi?
Teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov o‘zining samimiy, komedik rollari bilan allaqachon tomoshabinlar mehrini qozongan. 20 yildan ortiq Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri va Respublika yosh tomoshabinlar teatrida samarali ijod qilgan.
Murod Rajabov ijodiy faoliyati davomida “Temir xotin” filmidagi Qo‘chqorboy roli bilan keng jamoatchilik e’tiborini qozonadi. U rang-barang rollar ijro etdi. Goh o‘g‘ri, goh to‘g‘ri, goh hazilkash, goh jiddiy rollarni maromiga yetkazdi. "Ajoyib xayolparast" va "To‘ylar muborak", "Olovli yo‘llar", "Temir erkak", "Tangalik bolalar", "Kichkina tabib", "Shaytanat", "Devona", "Sarvinoz", "Ulfatlar", “Kechir”, “Maktub”, “Super kelinchak”, “Kelgindi kuyov”, "Afyun girdobi", “Kelgindi qaynona” kabi filmlarda o‘ziga xos rollarni mahorat bilan o‘ynagan.
Murod Rajabov ssenariysi va bosh muharrirligida suratga olingan “Anora” badiiy filmi ham san’atga kirib kelayotgan aktyor va aktrisalar uchun mahorat maktabi bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aktyor oxirgi vaqtlarda ekranlarda kam ko‘rinayotgandek nazdimizda.
– Ko‘pchilik, Murod aka ko‘rinmaysiz, kasbingizni o‘zgartirdingizmi, deb hazilomuz gap tashlaydi, – deydi Murod Rajabov. – Ijodkor kasbini o‘zgartirishi uchun sohani sevmasligi kerak. Hayotimning mazmuni esa aktyorlikdan iborat. Undan voz kecha olmayman. Ijodkor hayotida bir-bir turg‘unlik davri bo‘ladi. Ammo ijoddan bir qadam ham uzoqlashganim yo‘q. Turli loyihalar ustida ishlayapmiz. Shogirdlarga qo‘ldan kelgancha saboq beryapmiz. Yangi ssenariylar ustida ishlayapman. Oilam bag‘rida ijodni davom ettirishga harakat qilamiz.
Murod Rajabovning shogirdlari ko‘p emas, sanoqli darajada. Ular orasida sahnada katta yutuqlarga erishgan, kinoda ko‘plab rollarni ijro etgan taniqli aktyorlar ham bor. Chunki aktyor shogird tanlashda juda injiq, talablari ancha baland.
– Yoshlar biroz mas’uliyatsiz, – deydi aktyor. – Ularga bir narsani uqtirish qiyin. Yosh aktyorlar shogird olasizmi, deb kelishadi. Ustozlik qilishga vaqtim bor, ammo toqatim yo‘q. Chunki ulardan ko‘nglim to‘lmaydi. Sohaga mehr bermaydi. Maqsadlari faqat yulduz bo‘lish. Bitta rol ijro etsa-yu birdan el og‘ziga tushsa. Ilgari ko‘p bo‘lardi bitta roli bilan mashhur bo‘lish. Hozir zamon o‘zgardi, raqobat ko‘p, kamiga odamlarning dunyoqarashi, hayotga qarash rakurslari o‘zgargan. Ularni lol qoldirish, hayratlantirishning o‘zi bo‘lmaydi. Tinimsiz izlanish, sohani sevish kerak. Aktyorlik toza kasb, unga gard yuqtirmaslik lozim.
Murod Rajabov 1949 yili 30 mart kuni Toshkentda tug‘ilgan. Poytaxtdagi o‘rta maktabni tamomlab, N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida o‘qishni davom ettiradi. Talabaligidan turli rollar ijro eta boshlagan. Sohadagi samarali ijodi uchun Hamza nomidagi davlat mukofoti va O‘zbekiston xalq artisti kabi yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri