Muqobil energiya – tejamkorlik omili
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ta’minlashga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ta’minlashga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qishloq fuqarolar yig‘inlari raislari, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish, ekologik toza energiya manbalarini hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Qorao‘zak tumani markazidan 50 kilometr olisda joylashgan Qo‘yboq ovulidagi 3-umumta’lim maktabi, Taxtako‘pir tumani Janadaryo ovulidagi 19-umumta’lim maktabida quyosh batareyalari o‘rnatildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Ekoenergiya” ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Rustam Yodgorov. – Yil davomida quyosh charaqlab turadigan bu hududda mana shunday tabiat manbalaridan oqilona foydalanish katta samara beradi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining “Ekoenergiya” ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlaridagi umumta’lim maktablarida o‘rnatilgan quyosh batareyalaridan foydalanish samaralari bilan tanishdi.
– Maktabimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish uchun barcha sharoit mavjud, – deydi Taxtako‘pir tumanidagi 19-umumta’lim maktabi direktori Omongeldi Qanaliyev. – Quyosh batareyalari o‘rnatilgach, komputerdan uzluksiz foydalanish imkoniyati yanada kengaydi.