Muqobil energiya: samarador va tejamkor
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Povulg‘on bo‘stoni” fermer xo‘jaligida quyosh panellari yordamida energiya hosil qilinmoqda. Bu, ayniqsa, tog‘li hududlar va qir-adirlarda bog‘dorchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Povulg‘on bo‘stoni” fermer xo‘jaligida quyosh panellari yordamida energiya hosil qilinmoqda. Bu, ayniqsa, tog‘li hududlar va qir-adirlarda bog‘dorchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.Mazkur fermer xo‘jaligida quyosh panellari yordamida quduqdan suv chiqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘maklashish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar, davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish, ekologik toza energiya manbalarini hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjat asosida mamlakatimizning turli hududlarida ijtimoiy soha inshootlari, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tizimlarida quyosh, shamol va boshqa muqobil energiya manbalaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
– Muqobil energiya manbalarini hayotga tatbiq etish o‘zining amaliy samaralarini bermoqda, – deydi “Povulg‘on bo‘stoni” fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Oxunjonov. – Ayni paytda ko‘chatlarni quyosh panellari yordamida quduqdan chiqarilayotgan suv bilan sug‘ormoqdamiz. Hali biror marta elektr va suv ta’minotida uzilishlar bo‘lgani yo‘q. Iqtisodiy samaradorlik ham yaxshi. Joriy yilda tomchilatib sug‘orish usulini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Tadbirda hududlarda muqobil va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni rivojlantirish, uning afzalliklari, bu borada ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalari hamkorligini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Joriy yilda viloyatda 2 biogaz qurilmasi, 1 energiya tejaydigan nasos hamda suv isitish kollektori qurilishi rejalashtirilgan.