Muqaddas qo‘shig‘imiz
Inson uchun bu yorug‘ dunyoda muqaddas narsalar unchalik ko‘p emas.
10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun
Inson uchun bu yorug‘ dunyoda muqaddas narsalar unchalik ko‘p emas. Shulardan biri, eng kattasi Vatandir. Uni onaning ulug‘ligiga mengzab ona Vatan deymiz. Inson tug‘ilib o‘sgan yurt, ota-bobolari yashagan makon uning Vatanidir. Odamzodga Vatanni tanlash imkoniyati berilmagan, u Yaratganning in’omidir. Vatan farzandlar uchun ona kabi, ota kabi muqaddasdir.
Qadimda turli nomlar bilan yuritilgan, bugun O‘zbekiston degan nom bilan butun dunyo e’tirof etayotgan, jahon tan olayotgan shu muqaddas zamin sizu bizning Vatanimizdir. Bizning ulug‘ bobolarimizni butun olam biladi. Ularning biri alloma bo‘lib, biri jahongir bo‘lib, yana biri shoir bo‘lib yer yuzini zabt etgan. O‘tgan ajdodlarimizdan bizga juda katta ma’naviy va madaniy, moddiy boyliklar meros bo‘lib qolgan. Biz, bizning avlod mana shunday buyuk xalqning merosxo‘ri, davomchilaridir.
Kimki bizning gaplarimizga andak shubha bilan qarayotgan bo‘lsa, Sohibqiron Amir Temur bobomiz so‘zlariga o‘xshatma qilib aytamiz: bugun mustaqil O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini, jadal borayotgan islohotlarni, yoshlarimiz ilmu fan, sportu san’atda erishayotgan yorqin muvaffaqiyatlarni bir kelib ko‘ring. Odamlarimizning turmush tarzida, hayotida sodir bo‘layotgan, qalbida, ruhiy olamida – ma’naviy dunyosida kechayotgan jiddiy o‘zgarishlarni anglang. Shunda yoshlarimiz, bugungi avlod davlatimizning kelajagi buyuk, biz mana shu buyuk va qudratli davlatni barpo etamiz, o‘z iste’dodimiz va qobiliyatimiz, intellektual salohiyatimiz bilan dunyoni lol qoldiramiz, degan ezgu niyatni diliga jo qilib mehnat qilishayotganiga amin bo‘lasiz.
Har bir mustaqil davlat o‘z ramzlariga ega bo‘ladi. Birinchi Prezidentimizning tashabbusi va xalqimizning xohish-irodasiga ko‘ra, mamlakatimiz o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, birinchi navbatda, o‘z ramzlari – bayrog‘i, gerbi, madhiyasini qabul qilish bo‘yicha ishlar boshlandi. Keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng 1992 yilning 10 dekabrida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida” gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir. 2010 yil 24 dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi lozim.
Bugun Vatanimizning bu muqaddas qo‘shig‘i har birimizning milliy g‘ururimizga, faxru iftixorimizga, hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib, ongu qalbimizdan mustahkam joy egalladi.
Milliy madhiyamiz sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning davlat boshliqlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytda baralla yangramoqda.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Madhiyamizda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning, suveren O‘zbekistonning yorqin kelajagi uchun amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ruhi uning jarangdor misralari zamirida mujassam.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda madhiyamiz yoshlarimizda ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Har tong telekanallarimiz o‘z ko‘rsatuvlarini shu muazzam qo‘shiq bilan boshlab, tunda shu tarona bilan yakunlar ekan, beixtiyor uni tinglarkansiz, vujudingizga kuch-qudrat enganini, yuragingiz hapriqayotganini sezasiz. Ha, madhiyamizda insonni sehrlovchi, junbishga keltiruvchi sohiriy qudrat va joziba bor. U sizni bunyodkorlikka, yaratuvchilikka undaydi, ezgu ishlarga da’vat etadi. Uni tinglaganda va ijro etganingizda qalbingizda shu ulug‘ va muqaddas zamin farzandi ekanligingizdan bir dunyo g‘urur, faxr-iftixor, shukronalik, buyuk, jonajon Vatanimizga mehr-muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
– Dunyoda Vatan haqida qo‘shiqlar ko‘p, madhiyalar ham,– deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Komila Karomova. – Ammo bizning davlatimiz madhiyasidek mukammal, uning kuyidek sehrli ohangni hali eshitganim yo‘q. Madhiyamizni har gal tinglarkanman vujudimga titroq kiradi, guyo osmonlarga uchib ketaman. Beixtiyor lablarim pichirlab, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, sekin tebranib bu qudratli va muqaddas qo‘shiqqa jo‘r bo‘laman:
... Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!