Mundial oldidan favoritlar kutilmagan natijalar qayd etmoqda
Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Milliy terma jamoalar musobaqa oldidan so‘nggi tayyorgarlik jarayonini o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali davom ettirmoqda. Navbatdagi nazorat bahslari bir qator qiziqarli va kutilmagan natijalar bilan yodda qoldi.
Ispaniya milliy terma jamoasi Osiyo vakili Iroqqa qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvning 16-daqiqasida Ferran Torres hisobni ochib, “Qizil furiya”ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay Merchas Doski javob golini kiritdi. Qolgan vaqt davomida har ikki jamoada g‘alaba qozonish uchun imkoniyatlar bo‘lganiga qaramay, hisob o‘zgarmadi.

Yana bir favorit sanalgan Fransiya terma jamoasi esa Afrika vakili Kot-d’Ivuarga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchradi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida Rayan Sherki fransuzlarni hisobda oldinga olib chiqqan edi. Biroq, ikkinchi bo‘limda afrikaliklar o‘yinni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Avval Guela Due muvozanatni tikladi, keyin esa Amad Diallo Traore hal qiluvchi golni urdi. Natijada Kot-d’Ivuar 2:1 hisobida zafar quchdi.
Osiyoning yana bir vakili — Eron milliy terma jamoasi esa so‘nggi nazorat uchrashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Hususan, Eron 2:0 hisobida Malini mag‘lub etdi.

Shvetsiya va Gretsiya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi ham murosasiz kechdi. Stokgolmdagi “Stroberri Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs 2:2 hisobida yakunlandi. Dastlab Konstantinos Simikas greklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Viktor Dyokeresh hisobni tenglashtirdi. Keyinchalik maydonga zaxiradan tushgan Gustaf Nilsson shvedlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq, qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalarida Georgios Masuras gol kiritib, Gretsiyani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Shu tariqa, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan o‘tkazilayotgan nazorat uchrashuvlari jamoalarning hozirgi holati, imkoniyatlari va kamchiliklarini yanada yaqqol namoyon etmoqda. Turnir boshlanishi arafasida favoritlar ham kutilmagan natijalar qayd etayotgani esa bo‘lajak mundialning qiziqarli va murosasiz o‘tishidan darak bermoqda.
Ma’lumot uchun, ayni damda Nyu-York shahrida mashg‘ulotlarni davom ettirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 8-iyun kuni Niderlandiya termasiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Bellashuv “Icahn Stadium”da bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA