Mundial haqidagi o‘ylar
Jahon chempionati qiziq turnir. Unda hamma narsa bor: komediya, drama, tragediya... u shunday lahzalarni hadya etadiki, yana ana shu onlarga duch kelish uchun to‘rt yil indamay kutishga rozi bo‘lasiz. Afsus chekmaysiz. Na chora, iloj qancha demaysiz. Shunchaki, kutasiz. Sog‘inch ila.
Jahon chempionati qiziq turnir. Unda hamma narsa bor: komediya, drama, tragediya... u shunday lahzalarni hadya etadiki, yana ana shu onlarga duch kelish uchun to‘rt yil indamay kutishga rozi bo‘lasiz. Afsus chekmaysiz. Na chora, iloj qancha demaysiz. Shunchaki, kutasiz. Sog‘inch ila.
Mundial boshlanishidan avval g‘olib bo‘lishini taxmin qilayotgan jamoalaringiz guruhdan ham chiqolmaydi, siz buni ham qabul qilasiz. Chunki ushbu natija fojia emas. Hali oldinda eng yaxshi o‘yinlar kutayotganini sezasiz. Shunday ham bo‘ladi.
Siz va o‘rtoqlaringiz uning o‘yinidan zavq olib ulg‘aygan futbolchilaringiz va yoxud zaminimizdagi “ikki begona”ning ikkisi ham nimchorakda to‘qnash kelishiga bir baxya qoladi-yu, biroq.. biroq unday bo‘lmaydi. Siz bu o‘kinchga ham chidaysiz.
Mamlakatingiz sharafini hakam sifatida himoya qilayotgan o‘g‘lonlarni ko‘rganingizda; shuningdek, oynayi jahonda yurt bayrog‘ini ko‘rib qolganingizda sizda tabassum paydo bo‘ladi. Ana, ana, burchakroqda! Ko‘rdingmi?! Voy, ko‘zingni kattaroq och! Ha, ha o‘sha, deysiz bolalikdan birga o‘sgan do‘stingizga vatan bayrog‘ini mundial o‘yinlarida ko‘rib.
Qaniydi, deysiz nima uchun ushbu so‘zni ishlatganingizni bilmay. Va biroz o‘ylanib qo‘shib qo‘yasiz: bizning yigitlar ham jahon chempionatida o‘ynasa.
Kutilmagan qarorlarga boy bo‘lgan o‘yinlarda hakamlarni bo‘ralab so‘kasiz. Biroq bu safar kamroq. Chunki endi siz VAR tizimi ishlatilayotgan mundialni ko‘rayotgan bo‘lasiz. Endi bo‘lar-bo‘lmasga hushtak chalinaveradi. Baribir zerikmaysiz.
Chempionat arafasida “ikki”ning “biri” boshqa klubga o‘tib ketadi. Tasavvur qiling, ular ajralishyapti.. Endi siz ham boshqa jamoaga muxlislik qilishingiz mumkin. Aytgancha, faqat bir futbolchiga bog‘lanmagan-ku klub. To‘g‘rimi? Siz mardsiz. Baribir “qaymoqrangli”larga muxlislik qilaverasiz. Futbolni hurmat qilgan inson shunday bo‘lishi kerak.
Bu shunday musobaqaki, unda faqat jamoa bo‘lib harakat qilinadi. Hech qachon bir o‘yinchining ulushi boshqalarnikidan ajralib turmaydi. Sizga shu jihati yoqadi-da o‘zi. Axir to‘rt yildan beri shu kunlarni kutasiz-ku!
Mana shunday hayollar bilan o‘tirgan bir pallangizda final hushtagi yangraydi va siz kutgan jamoa chempion!! Xursandchiligingizning cheki yo‘q. Axir siz buni qancha yillardan beri kutasiz! Mana endi bemalol uhlasa ham bo‘ladi.
Endi yana bir istagingingiz qoldi. Mag‘lub bo‘laverib joningizga tekkan jamoaning ana shu mundial o‘yinlarida ko‘rish. Ha, bor-yo‘g‘i bir marta ko‘rish!..
Baribir tinch uhlamay olmaysiz...
- Qaniydi...
