Multiindikator klaster kuzatuvlari natijasi e’lon qilindi
-
Davlat statistika qo‘mitasi va YUNISEF hamkorligi...
Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Davlat statistika qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Multiindikator klaster kuzatuvlarining dastlabki natijalari” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati, YUNISEF vakillari, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mazkur kuzatuv natijalarini e’lon qilishga oid taqdimotlar namoyish qilindi.
Qayd etilishicha, Multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish orqali respublikada onalar va bolalar turmush tarziga oid statistik ma’lumotni yangilash va ularni xalqaro ma’lumot bazalarida aks ettirishga erishiladi.
Muloqot chog‘ida kuzatuv 1995 yildan boshlab 2022 yilga qadar butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida 118 ta davlatda 349 marotaba o‘tkazilgani ta’kidlandi. Ushbu kuzatuvda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqi va ularning ta’lim olish darajasi, sog‘lom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik ko‘rsatkichlar jamlanadi.

2021-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda tashkil etilgandi. Bunda Davlat statistika qo‘mitasi kuzatuvni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.
– Kuzatuv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tanlab olingan 556 mahallada respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali, planshetlarda elektron ko‘rinishda savolnomalarni to‘ldirish yo‘li bilan ma’lumotlar yig‘ildi, – dedi Davlat statistika qo‘mitasi ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statisika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Qambarov. – Bunday kuzatuv mamlakatimizda so‘nggi marotaba 2006 yilda o‘tkazilgan edi. Bu galgi yig‘ilish kuzatuvning 3-bosqich 6-raundi yakuniga bag‘ishlandi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, shakllangan ko‘rsatkichlar uy xo‘jaligi bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichining 40 foizini qamrab oladi.
Ma’lum bo‘lishicha, kuzatuv ikki bosqichda o‘tkazilgan. 2021 yil mart-iyun oylarida birinchi bosqichda milliy darajada reprezentativ tanlov asosida to‘plangan bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar olindi. Bir qator omillar, jumladan, koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tgan yil sentyabrda qo‘shimcha reprezentativ namuna tayyorlandi. 2021 yilning noyabridan 2022 yilning yanvariga qadar ma’lumotlarni yig‘ishning ikkinchi bosqichi o‘tkazilgan.

Dala ishlarining birinchi bosqichida so‘rov tashrif buyurilgan klasterlardagi 10 ming 879 ta uy xo‘jaligida 10 ming 890 ta aholi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kuzatuvdan so‘ng dala ishlarining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.
Ikkinchi bosqich doirasida so‘rov 4180 ta uy xo‘jaligida (4248 ta aholidan) o‘tkazildi, bu esa ko‘pchilik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham milliy darajada, ham oltita geoiqtisodiy mintaqa jumladan, G‘arbiy, Markaziy, Janubiy, Markaziy – Sharqiy, Sharqiy va Toshkent, qolaversa, shahar va qishloq joylari darajasida ishonchli hisob-kitoblarni olish imkonini berdi.
Taqdimotda o‘n ikki viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri ushbu oltita geoiqtisodiy mintaqaga birlashtirilgani ko‘rsatib o‘tildi. Har bir mintaqadagi shahar va qishloq hududlari asosiy tanlab olish qatlamlari sifatida aniqlangan va uy xo‘jaliklari tanlanmasi uch bosqichda (mahalla, segment va uy xo‘jaliklari) amalga oshirilgan.

Taqdimotda qayd etilishicha, so‘rovda to‘rtta savolnomadan foydalanilgan bo‘lib, bular:
– uy xo‘jaligining barcha a’zolari (odatda yashovchilar), uy xo‘jaliklari va turar joylar to‘g‘risida asosiy demografik ma’lumotlarni to‘plash uchun uy xo‘jaliklari so‘rovnomasi;
– har bir xonadondagi ayollar uchun to‘ldirilgan 15-49 yoshdagi ayollar uchun individual so‘rovnoma;
– uyda yashovchi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning onalari (yoki tarbiyachilari) uchun mo‘ljallangan, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun so‘rovnoma;
– uy xo‘jaligida yashovchi 5-17 yoshli tasodifiy tanlangan bitta bolaning onasi (yoki tarbiyachisi) tomonidan to‘ldirilgan 5-17 yoshdagi bolalar uchun so‘rovnoma.
Kuzatuv natijalari bo‘yicha uy xo‘jaliklarining 77 foizida kamida bitta 17 yoshdagi bola, 40 foizida esa kamida 5 yoshgacha bo‘lgan kamida bitta bola borligi aniqlangan. Tug‘ruqlarning 99 foizi malakali tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilgan. Ortiqcha vaznli bolalar 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar umumiy sonining 5 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi.

Ta’lim bilan bog‘liq ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, boshlang‘ich maktabni bitirish darajasi 100 foiz, quyi va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlari uchun mos ravishda 98 va 94 foiz. Maktabga qatnaydigan va uy vazifasini bajaradigan 7-14 yoshdagi bolalarning 72 foizi kattalardan yordam oladi.
Yakuniy ma’lumotlar tegishli soha va yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun respublikaning tegishli vazirlik va idoralariga taqdim etiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, shakllantirilgan ma’lumotlar joriy yil noyabr-dekabr oylarida Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti (www.stat.uz) hamda YUNISEFning (www.mics.unicef.org) veb-saytiga ham joylashtiriladi.
– Multiindikator klaster kuzatuvlari natijalari e’lon qilinishi xalqaro ma’lumotlar bazasida O‘zbekistonga oid indikatorlarning yangilanishi, xalqaro reyting va indekslarda davlatning o‘rni yaxshilanishi, shuningdek, dunyo hamjamiyatida nufuzini yanada oshishiga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – YUNISEF tomonidan ishlab chiqilgan kuzatuv uy xo‘jaliklarining xalqaro dasturi bo‘lib, asosan, bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida ko‘p ko‘rsatkichli ma’lumotni yig‘adi. Shu o‘rinda, dunyo miqyosidagi eng yirik statistik ma’lumotlar manbasi hisoblanadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri