Multiindikator klaster-6 kuzatuvi – Gulistondan boshlandi
Davlat statistika qo‘mitasi bilan BMTning UNICEF jamg‘armasi tomonidan Multiple Indicator Cluster Survey (MICS) – multiindikator klaster (MICS)-6 kuzatuvlari jarayoni – Sirdaryo viloyatida boshlandi.
Viloyat statistika boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘

ra, ushbu xalqaro kuzatuv jarayonida olinadigan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tanlab olingan 726 ta mahalla, 14 ming 520 ta uy xo‘jaligi, jumladan, kuzatuv amalga oshirilishiga kirishilgan Sirdaryo viloyati bo‘yicha 50 ta mahalla 1 mingta uy xo‘jaligida, joylarga chiqilib respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali planshetlarda elektron ko‘rinishda jamlanib borilayapti.
Ayni chog‘da, viloyat markazi – Guliston shahrida joylashgan Namuna hamda Obod Yurt mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi uy xo‘jaliklari o‘rganib chiqildi.
Mazkur tadbirga statistika tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan malakali kadrlar jalb etilgan bo‘lib, ushbu kuzatuv jarayoni 3 oy davom etishi nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Multiindikator klaster kuzatuvi – 1995 yilda UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan, xalqaro miqyosda tan olingan, uy xo‘jaliklarini o‘rganadigan tadqiqot hisoblanadi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi hukumatining milliy ma’lumotlar sifatini yaxshilash va xalqaro miqyosda taqqoslab bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha olgan majburiyatlariga muvofiq keladi. Tadqiqot mamlakatning barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarida yordam beradi.
Kuzatuv sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, ta’lim hamda bolalar va ayollar farovonligiga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa muhim ustuvorliklar bilan bog‘liq masalalarga o‘z e’tiborini qaratadi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA