Mukofot har birimizga mas’uliyat yuklaydi
E’tirof
8 mart –Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida buxorolik 16 nafar ayollar “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida Buxoro davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Laylo Sharipova ham bor. Ustozning yuzidagi tabassum, xursandchilikni ko‘rib, ularni suhbatga chorladik.
– O‘qituvchilik faoliyatimni 1990 yilda Buxoro davlat pedagogika instituti o‘zbek adabiyoti kafedrasida boshlaganman, – deydi Laylo Sharipova. – Ulug‘ ustozlarim bilan safdosh bo‘lib ishlash oson emasdi, chunki, ularning bilimlari keng, ilmlari ummon. Ular bilan yelkama-yelka ishlash oson kechdi, chunki, ular kamtar, mehribon, hayot mohiyatini chuqur anglagan, odamiylikdan saboq bera oladigan insonlar. Ustozlarim umrlarini, hayotlarini ilm-fan, ta’lim ravnaqiga sarflagan olim, pedagog sifatida hozirgacha menga ibrat.

Bugun dunyo global muammolar girdobida. Shunday sertashvish asrda Prezidentimiz tinchlik muhimligini ta’kidlab, dunyoni ilm-fan qutqarishini, Uchinchi Renessans najot topib beruvchi muhim omilligini, kitob internet to‘ridan yoshlarni qutqarib qoluvchi tengsiz qudrat ekanini har birimizga qayta-qayta uqtirayotgani saodatdir.
Prezidentimiz mamlakatimiz ayol-qizlarini qutlar ekanlar, “Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq, albatta, baxtli bo‘ladi. Shu bois, har bir oiladagi qizlarimiz bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz”, – deganlarida ko‘nglim to‘lqinlanib ketdi. Bu onalarimizga taskin, bu ayollarimizni davlat darajasidagi ruhiy, ma’naviy-ma’rifiy, qolaversa, moddiy qo‘llab-quvvatlov axir. Axir, avvalo, onalar, qolaversa ilmli, ma’rifatli ayollar kamarbasta bo‘lsa, ta’lim-tarbiya joy-joyiga tushishini har bir oila to‘liq idrok etsagina Vatanimiz dunyo davlatlari orasida eng kuchli davlatlardan biri sifatida doimo qad rostlab turadi. Bu juda muhim. Yosh avlodning har jihatdan kamolotga erishishi faqat ustozlargagina emas, avvalo, onalarga ham bog‘liq.
Menga berilgan “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonini viloyatimiz hokimi Botir Zaripov topshirganida yelkamga katta mas’uliyat yuklanganini his qildim. Mukofotni ta’lim ravnaqiga, ayol-qizlar ma’rifati yuksalishi yo‘lida bor iqtidorimni, bor ilmimni sarflashim lozimligini anglagan holda qabul qilib oldim.
Bundan sevingan yana bir jihatim, sinf rahbarim, adabiyotni anglatgan ustozim Saodat Tosheva bilan birga taqdirlandim, ustozim bilan yonma-yon turdim. Yoshlarimiz, sizlar bizdan kuchlisiz, bizdan qobiliyatlisiz, bizdan ilg‘orsiz, nasib bo‘lsa. Chunki sizlar mustaqil Vatan ardog‘ida o‘sdingiz. Buni aslo unutmang.
O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi