Muhtasham ma’rifiy xazina sohibi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida buyuk shoir bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Kechaga adabiyot ixlosmandlari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Tadbir avvalida Zahiriddin Muhammad Boburning mashaqqat va sinovlarga to‘la hayoti, betakror ijodi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Shuhrat Rizayev Prezidentimizning Bobur ijodini o‘rganishga oid qarori ulug‘ jahongir alloma hayoti va asarlarini tadqiq etishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi.
– Bobur o‘ta ziddiyatli, murakkab davrda yashab ijod qildi, – dedi Shuhrat Rizayev. – Sho‘rolar davrida Bobur shaxsiyatiga feodal tabaqa vakili sifatida yondashildi. Olimlarimiz tomonidan ko‘plab tadqiqotlar olib borilsada, bu izlanishlar uzoqlarga yetib bora olmadi. Rahmatli Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari necha yillar ta’qibga uchradi. Istiqlol yillarida Bobur ijodini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi. Bu borada Zokirjon Mashrabov rahbarlik qilayotgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi nainki mamlakatimiz, balki xorijda faol ish olib bordi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Bobur ijodini o‘rganish keng quloch yozdi. Mumtoz shoir, qomusiy olimning “Boburnoma” asari italyan tilida chop etildi. Bu esa dunyo ahliga bizning tomirimizda kimlarning qoni borligini anglatishi bilan birga Bobur ijodiga bo‘lgan qiziqishni tobora orttirdi.
Darhaqiqat, Bobur ijodida uning “Boburnoma” asari muhim o‘rin egallaydi. Bugun ham ushbu asarni o‘qib, tadqiq etayotgan dunyo olimlari yurtimiz, ajdodlarimizning buyuk intellektual salohiyati, dunyo tamaddunidagi, adabiyotidagi o‘rnini yuksak e’tirof etmoqda.
Tantanali kechada Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisining birinchi o‘rinbosari Zohidjon Mashrabov mazkur fond tomonidan olib borilgan ezgu va savobli ishlar, Bobur ijodini o‘rganish maqsadida jahonning ko‘plab davlatlariga uyushtirilgan ekspeditsiyalar, keltirilgan qimmatli manbalar hamda buning natijasida chop etilgan ilmiy-ma’rifiy asarlar xususida batafsil so‘zladi.
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kenesboy Karimov buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining qoraqalpoq zaminida ham mukammal o‘rganilishi, shoirning chop etilayotgan asarlari xususida ma’lumot berdi.
– Bobur odamlarni mehr-oqibatga, o‘zaro ahillikka chaqirgan zotdir, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Bobur ijodi teran falsafiy g‘oyalari, yuksak va go‘zal badiyati bilan qadrlidir. Uning “Risolai aruz” asarida Sharq she’riyatining poetik jihatlariga e’tibor qaratilgan. “Mubayyin” – fiqh ilmi bo‘yicha tengsiz asar. Ayni paytda “Boburnoma” asari tarix, geografiya, joy nomlari, etnografiya bo‘yicha nihoyatda tengsiz asardir. Mazkur asarda Boburning shoh va shoir sifatidagi jihatlari yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun jahon olimlari ushbu asarni katta qiziqish bilan o‘rganmoqdalar. Bobur asarlarida milliy ruh ustuvor bo‘lishi bilan birga umumbashariy ezgu g‘oyalar ham o‘z aksini topgani uning asarlariga dunyo miqyosidagi qiziqishga sababdir. Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning ezgu amallari, uning mardlik, matonat kabi insoniy fazilatlari bugun ham g‘oyat dolzarb va ibratlidir. Odatda Bobur ijodi haqida asosan fevral oyida gapirilardi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori asosida Bobur ijodini o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Bu yil Bobur ijodini o‘rganish yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Bobur asarlarining xalqimiz orasiga kirib borishida olimlar, ommaviy axborot vositalarining xizmatlari ham katta bo‘ldi, – dedi boburshunos olima Burobiya Rajabova. – Bu jarayonlarda o‘zim ham bevosita ishtirok etdim. Ayni paytda hazrati Boburning eng katta asari – “Boburnoma”ni o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib etishda fidoyi hamyurtimiz Zokirjon Mashrabov boshchilik qilayotgan Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning xizmatlari, xorijiy davlatlarga ekspeditsiyalari g‘oyat katta ahamiyatga egadir. Prezidentimiz qarori asosida bu yil Bobur ensiklopediyasi nashr etildi. Boburshunoslikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Ilmiy izlanishlar olib borildi. Bobur shaxsiyati mardlik, jasorat, o‘zgalarga yaxshilik sog‘inish kabi fazilatlari bois yoshlar uchun g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi.
– Bobur ijodi hamon to‘lig‘icha o‘rganilmagan, – dedi Pokistonning Panjob universiteti olimasi Ruhshon Iftixor xonim. – Bobur biz uchun chinakam qahramondir. Uning ijodini o‘rganishga Pokistonda ham katta e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-14297]
Tantanali tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan lavha O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari tomonidan ijro etildi.
Jahonning turli davlatlarida boburshunoslik bo‘yicha izlanish olib borayotgan olimlarning dil so‘zlari videotabrik tarzida yangradi.
Haqiqatdan ham, bugun Bobur shaxsiyati xalqimiz mehri va e’tiqodini qozondi. Ko‘plab oilalarda ota-onalar o‘z farzandiga yaxshi niyatlar bilan Bobur deb ism qo‘yishi an’anaga aylandi.
Tadbirda Bobur ismli yurtdoshlarimiz erishgan yutuqlar videorolik orqali namoyish etildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli yosh shoir Bobur Elmurodovning dil so‘zlari, haq so‘z va chin qalam sohibi bo‘lgan buyuk shoir bobomizning ibratli ijodi haqidagi fikrlari yangradi.
Tantanali kechada san’at ustalari va ijodkor yoshlar, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli ishtirokidagi katta konsert dasturi namoyish etildi. Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlarining badiiy chiqishlari kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Yosh shoirlar Bobur ijodidan namunalar o‘qidi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, Murodxon Xo‘jayev (suratlar) , O‘zA