Muhim siyosiy jarayonda fuqarolarimiz faol
Poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi 583-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nomzodlarga ovoz berish qizg‘in davom etmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur saylov uchastkasida bo‘lib, o‘z fuqarolik burchini bajargan aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldi. Bizning dastlabki suhbatdoshimiz ushbu tumandagi 330-maktab direktori Barno Tug‘unovadir.

–Bugun chinakam bayram desam, adashmagan bo‘laman. Chunki O‘zbekiston aholisi o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanib, munosib nomzodga ovoz bermoqda. Bu jarayon ham hayajonli, ham mas’uliyatli. Mas’uliyatli jihati shuki, bu mamlakat rivoji, xalqimiz taqdiri va navqiron avlod kutayotgan porloq kelajak bilan bog‘liqdir, – dedi B.Turg‘unova.
Tabarruk yoshli onaxonimiz Oltingul Kasimbetova ham Prezident saylovida o‘z fuqarolik burchini bajarish uchun kelganini ta’kidladi.

–Bu yilgi saylov ko‘tarinki ruhda o‘tyapti. Saylovga oilamiz a’zolariga bosh bo‘lib keldim. Men kabi farzandlarim va kelinim o‘zlariga munosib topgan nomzodga ovoz berdi. Ko‘rib turganingizdek, saylov uchastkamizda barcha sharoitlar mavjud, – dedi Oltingul Kasimbetova.
Saylov uchastkasi va saylovchilar haqidagi suhbatimizga ikki yoshli o‘g‘li bilan kelgan Nodira Qosimova ham kelib qo‘shildi.

– Uy bekasiman. Ikki nafar o‘g‘lim bor. Siyosiy jarayonda qatnashish burchimiz deb bilamiz. Bugun chindan yurtimizda juda katta voqea. Xalqimiz bugun o‘zining taqdiriga befarq bo‘lmagan holda saylovda qatnashmoqda. Saylov uchastkasida juda ham yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu yerda hamma sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, saylov uchastkasi komissiyasi a’zolari ham faol ishlamoqda. Fuqarolarimiz ham yakdillikda saylovda qatnashayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Saylov qonunchilik talablari asosida o‘tmoqda, – dedi N.Qosimova.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi