Muhim qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasining maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.
Qonun loyihasida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mulk huquqining ustuvorligi, xususiy mulkning daxlsizligi, olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanishi, qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, kompensatsiyaning kafolatlanishi kabi prinsiplar asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinishiga, nizoli vaziyatlarning oldi olinishi va ushbu sohadagi nizolarni samarali hal etish, yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda deputatlar yangi nom bilan kirgan – «Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat «O‘zbekiston Respublikasi byudjet tizimini ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi nom bilan kiritilgan edi. Loyihadagi normalar byudjet tizimini ko‘rib chiqish tartibini emas, balki byudjet jarayoni takomillashtirilishi belgilanayotgani munosabati bilan ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘zgartirildi.
Qonun loyihasi bilan Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini, taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq to‘lovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga belgilangan muddatlarda uzluksiz joylashtirib borish belgilanmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan tegishli byudjetlarda shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi qarori (farmoyishi) qabul qilinganidan so‘ng uch ish kuni ichida o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida hamda «Ochiq byudjet» axborot portaliga joylashtirish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziriga «Mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi qarori qabul qilindi.
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan esa O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonovga «Yoshlar texnoparklarini tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA