Muhabbatdan Vatan qurgan ijodkor
Turkiyaning nufuzli nashriyotlaridan biri “Baygenç Yayıncılığı” O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Boshqaruvi a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va publitsist Olimjon O‘sarovning “Aşktan Bir Dünya Kuracağim” (“Muhabbatdan Vatan quraman”) nomli kitobini turk tilida nashr qilgan edi.
Kitobdan shoirning Vatan, istiqlol, muhabbat mavzusidagi turkum she’rlari o‘rin olgan.
Bugun, 4 avgust kuni, soat 14:00 da Alanya shahridagi Yozuvchilar jamiyati binosida turkiyalik kitobsevarlarga mazkur kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, noshirlar va tarjimonlar, jamoat arboblari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Kitobning noshiri va muharriri – Arslan Bayir.
Tarjimon – Dilfuza Miskin, rassom – Senixa O‘zdil.
Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA