Muhabbat dengizidan gavharlar
“Bahrul-mahabba” (“Muhabbat dengizi”) jahondagi mashhur asarlardan sanaladi.
“Bahrul-mahabba” (“Muhabbat dengizi”) jahondagi mashhur asarlardan sanaladi. Bu muazzam asar bizning diyorimizda ham ilm ahllari tomonidan yuksak eʼtirof etiladi va eʼzozlanadi.
Abul Futuh Shayx Muhammad Gʻazzoliyning aziz qalbi va qalamiga mansub ushbu muhtaram asar yaqinda “Sharq” nashriyotida oʻzbek tilida chop etildi. Asar chin maʼnoda Allohga muhabbat sharhidan iborat boʻlib, Qurʼoni Karimdagi Yusuf surasi tafsiriga oid “Doʻstlik sirlariga toʻla muhabbat dengizidir”.
Kitobning ilk sahifasida “Bu kitob oʻzining hajmicha durru gavharga sotilsa ham, sotgan kishi ziyon koʻrgan boʻlur edi” deb yozilgan. Tarjimon Shayx Mirzo Kenjabek bu munavvar asar haqida shunday eʼtirof etadi: “Darhaqiqat bu “Bahrul-mahabba” (“Muhabbat dengizi”) kitobi maʼnaviy jihatdan gʻoyat bebaho asardir. Muallif Qurʼoni Karimdagi “Ahsanul- qasas” (Qissalarning eng goʻzali) iborasiga asoslanib: “Hazrati Yusuf alayhissalom insonlarning eng goʻzali boʻlganlari kabi u zot haqlaridagi qissa ham, qissalarning eng goʻzali boʻldi” degan.
Asarning ilk sahifasidagi bitikda koʻringanidek, koʻp olimlar bu kitobni hazrati Imom Muhammad Gʻazzoliyga nisbat beradilar. Holbuki, Imom Abu Homid Muhammad Gʻazzoliy asarlari qatorida bu mashhur kitob zikr qilingan emas. “Jahon ensiklopediyasi: jamlangan manbaʼ” qomusida bu kitob hazrati Ahmad Gʻazzoliy qalamiga mansub ekani, tasnifda keltirilgan koʻplab ishqiy sheʼrlar ham shoir va alloma Ahmad Gʻazzoliyga tegishli ekanligi aytiladi. Biz asos qilib olgan kitob nusxasi esa (hijriy 1319) milodiy 1901-yilda Bombey shahrida chop etilgan.
Ushbu ardoqli asar nafaqat ilmiy tafsir, balki badiiy adabiyotning ham oliy namunasi sifatida eʼtirofga munosibdir. Kitob keng auditoriyaga moʻljallangan boʻlib, 5000 nusxada chop etilgan. Tarjimonlar Abdulmajid Isʼhoq va Shayx Mirzo Kenjabek.