Muddatli harbiy xizmatchilar ilk bor test sinovlarida ishtirok etmoqda
Yurtimizda 2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari boshlandi.
Bu yilgi qabul jarayonlari nafaqat minglab yoshlarning kelajak sari muhim qadami, balki mamlakatimiz ta’lim tizimi va yoshlar siyosatida yangi tarixiy sahifani ochayotgan muhim voqea sifatida e’tiborga molikdir. Joriy yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ham xizmatni o‘tash davrining o‘zidayoq oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etmoqda. Bu esa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarning amaliy natijasi, yosh avlod manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.
Mazkur yangilik yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirib, ularning vaqtini samarali tashkil etish, kelajak rejalari uzluksiz davom etishini ta’minlash hamda harbiy xizmatdan keyingi hayotga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga zamin yaratadi. Bu esa davlatimiz tomonidan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan izchil siyosatning yana bir yorqin ifodasidir.
Shu munosabat bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar, shuningdek, hududdagi kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun test sinovlarida munosib ishtirok etish maqsadida barcha zarur tashkiliy va amaliy choralar ko‘rildi. Harbiy xizmatchilar belgilangan tartib asosida test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarga kuzatilib, ularning xavfsizligi, o‘z vaqtida yetib borishi hamda sinovlarda xotirjam ishtirok etishi to‘liq ta’minlandi.
Joriy etilgan tartibga muvofiq, test sinovlari natijasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan muddatli harbiy xizmatchilar xizmatni o‘tash davrida birinchi o‘quv choragini masofaviy ta’lim shaklida o‘zlashtiradi. Harbiy xizmatni muvaffaqiyatli yakunlagach esa ular o‘qishga qabul qilingan oliy ta’lim muassasasida ikkinchi o‘quv choragidan boshlab kunduzgi ta’limni davom ettiradi. Mazkur mexanizm yoshlarning na xizmatdan, na ta’limdan ortda qolmasligini ta’minlaydigan zamonaviy va oqilona yondashuv sifatida e’tirof etilmoqda.
Bugun harbiy safda turgan yoshlar nafaqat Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlayotgan jasur o‘g‘lonlar, balki ertangi kunning malakali muhandislari, shifokorlari, pedagoglari, huquqshunoslari va yetuk mutaxassislaridir. Ularning bilim olish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizning ertangi taraqqiyotiga kiritilayotgan eng muhim sarmoyalardan biridir.
Yangi tizim yoshlarni Vatanga sadoqat, ilmga intilish va yuksak maqsadlar sari dadil odimlash ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Chunki kuchli davlatning tayanchi bilimli, vatanparvar va fidoyi yoshlardir. Harbiy xizmat bilan oliy ta’limni uyg‘unlashtirgan ushbu tarixiy imkoniyat esa ana shunday barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi muhim islohotlardan biri sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti tarixida alohida o‘rin egallaydi.
[gallery-30466]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari