Muammolarga manzilli yondashuv
Odamlarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish, murojaatlarga tezkor yechim topish va aholi bilan ochiq muloqot qilish — O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Yangiyer shahrida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabulning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolardan 56 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 38 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilot va idoralarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabulda senator Pokiza Ahmedjanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi apparati rahbari Shohista Bozorboyeva, viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, partiya faollari hamda mahalliy hokimlik mutasaddilari ishtirok etishdi.

Murojaatlarning asosiy qismi tibbiyot, ta’lim, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz ta’minoti, maishiy chiqindilarni olib chiqish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga oid bo‘ldi. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, uning yechimi yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

Sayyor qabul aholi uchun nafaqat murojaat qilish, balki o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniyatini ham yaratdi. Xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, yosh mutaxassislarni hududlarga jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga doir takliflar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, aholi bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni kabinetda emas, joylarda o‘rganish va har bir murojaatga manzilli yondashish bunday sayyor qabullarning asosiy maqsadidir. Bu esa fuqarolarni qiynayotgan masalalarni tezkor hal etish, davlat organlari va aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida murojaatlar ijrosini ta’minlash, aholini o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalarga o‘z vaqtida yechim topish hamda hududlardagi dolzarb muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri